Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani 48-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Xuramboyeva E’zoza Rustam qizi turli fanlardan yuqori natijalarga erishib, bir nechta sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Xususan, u kimyo va biologiya fanlaridan A, ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyotdan B+, matematika va tarix fanlaridan esa C darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.
E’zoza kelgusida Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Tayyorgarlik katta mehnat talab qildi”
E’zozaning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 2024-yildan boshlab shakllangan va bu jarayon katta mehnat hamda sabr talab qilgan.
“Tayyorgarlik jarayoni juda katta mehnat va bilim talab qildi”, — deydi u.
U turli fanlar bo‘yicha tayyorgarlik uchun har xil muddat sarflagan. Ayrim fanlarga 1,5 yildan ortiq vaqt ajratgan bo‘lsa, ba’zilarini qisqa muddat — 1 oy ichida o‘zlashtirgan.
“Reja asosida ishlasak, hammasiga ulguramiz”
O‘quvchi o‘z muvaffaqiyatida eng muhim omillardan biri sifatida intizom va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni ko‘rsatadi.
“Agar kunimizni rejalashtirib olsak, hammasiga ulguramiz”, — deydi E’zoza.
Uning ta’kidlashicha, bilim olishga bo‘lgan doimiy ishtiyoq va uzluksiz o‘rganish jarayoni natijalarga olib kelgan.
“Har bir muvaffaqiyat ortida uyqusiz tunlar bor”
E’zoza tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklar ham bo‘lganini yashirmaydi.
“Savollar qiyinlik darajasi yuqori edi, lekin bilgan o‘quvchi uchun qiyinlik qilmaydi. Har qanday muvaffaqiyat ortida albatta uyqusiz tunlar bo‘ladi”, — deydi u.
Shu bilan birga, u tushkunlikka tushmaslik muhimligini alohida ta’kidlaydi:
“Menda uzluksiz bilim olishga ishtiyoq bor. Aslini olganda, tushkunlikka tushish shunchaki vaqtni yo‘qotish demakdir. Faqatgina oldinga intilish kerak, hattoki muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham”, — deydi o‘quvchi.
Uning fikricha, test jarayonida vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va yetarli bilimga ega bo‘lish kerak.
Shuningdek, telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ham muvozanatni saqlash uchun telefon ekran vaqtini nazorat qilgan.
Ayni damda bo‘lg‘usi talaba chet tillarini o‘rganishda davom etmoqda.
E’zozani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, filologiya yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan samarqandlik 11-sinf o‘quvchisi Jamolboyeva Rayxona Zokir qizi bilan suhbatlashgan edik.
