Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 34-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Jamolboyeva Rayxona Zokir qizi milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval talabalikni naqd qildi.
Rayxona o‘zbek tili va adabiyotdan A+, tarixdan A, CEFR B2 va matematika fanidan C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
Mazkur o‘quvchi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirgan.
Tayyorgarlik jarayoni
Rayxona o‘zining tayyorgarlik jarayonini murakkab va mas’uliyatli deb hisoblaydi. U tayyorgarlikni 9-sinf oxirlarida boshlagan bo‘lib, bu jarayon oson bo‘lmaganini aytadi:
“Tayyorgarlik vaqtlarim oʻziga yarasha qiyinchilik va maʼsuliyatga ega bo‘lgan”, — deydi u.
Uning aytishicha, sertifikat olish uchun ingliz tilidan 6 oy, ona tili va adabiyotdan 0 dan boshlab sertifikatga qadar 8 oy, tarixdan 3 oy va matematika uchun 1 oy vaqt sarflagan.
“Qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashdim va turli qo‘llanma kitoblardan foydalandim. O‘rgangan bilimlarimni tez-tez takrorlash muvaffaqiyatimni oshirdi”.
Vaqt taqsimoti
Rayxona o‘zining tayyorgarlik jarayonida uyqusiz tunlarga ko‘p duch kelganini ta’kidladi.
“Kun mobaynida maktabda va to‘garakda bo‘lganim sababli, asosan, tun bo‘yi dars mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishim kerak edi. Imtihonda murakkab darajali savollar anchagina edi, shunga qaramay, oʻrgangan maʼlumotlarim ham koʻp edi. Xullas, uyqusiz tunlar ko‘p bo‘lgani bilan natijasini berdi”, — deydi u.
Shuningdek, mobil telefonning har doim yonida bo‘lishiga qaramasdan, uni nazorat qilishda muvaffaqiyatli bo‘lganini bildirdi:
“Mobil telefon doimiy yonimda boʻlsa ham oʻzimni nazorat qila olardim. Baʼzi ijtimoiy tarmoqlardan saqlanish uchun esa, koʻp hollarda, ularni yuklab olmasdim”.
Ota-onasi va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi Rayxona uchun katta motivatsiya bo‘lgan. “Ota-onamning ishonchi va ular uchun hozirlagan barcha shart-sharoitlar menga turtki bo‘ldi”, — deydi o‘quvchi.
Kelajakdagi maqsadlar
Bo‘lg‘usi talaba, shuningdek, fanlarni o‘rganishda qattiq nazoratning muhimligini ta’kidladi:
“Har bir fan kerakli va ularni o‘rganish muhim. Maʼlumotlarni biron-bir manbadan oʻqiganda tasavvur qilib oʻrgansa, xato qilmaydigan darajada bilish mumkin deb oʻylayman. O‘quvchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha qattiq nazoratga olib o‘qitilsa, ko‘zlangan natijalarga erishish yanada yaqin bo‘ladi”, — deydi u.
Hozirda Rayxona chet tillari bo‘yicha bilimini oshirish va turli xil kitoblar o‘qish orqali dunyoqarashini yanada kengaytirishga harakat qilmoqda.
Rayxonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, axborot xavfsizligi yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirayotgan farg‘onalik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
