Ayni kunlarda milliy va xalqaro sertifikatlar olayotgan yoshlar ko‘payib bormoqda. Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 4-maktab bitiruvchisi Baxtiyorova Malika Alisher qizi ham o‘zining qat’iyati va mehnati bilan ana shunday yutuqlarga erishgan yoshlardan biri.
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 4-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Baxtiyorova Malika Alisher qizi o‘qimoqchi bo‘lgan yo‘nalishi uchun kerak bo‘lgan fanlardan sertifikatlar to‘plab, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
U tarix fanidan A, ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, matematika fanidan esa C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Kelajakda esa u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Bir yil ichida uchta milliy sertifikatni qo‘lga kiritdim”
Malikaning sertifikatlar sari yo‘li ikki yil avval boshlangan. Dastlab u ingliz tilidan CEFR sertifikatini olgan. Keyinchalik esa qisqa vaqt ichida yana 3 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan.
Ingliz tili uchun 5 oy, tarix uchun 3 oy, o‘zbek tili va adabiyot uchun 2 oy, matematika uchun esa bir yarim oy tayyorgarlik ko‘rgan o‘quvchi qisqa muddat ichida katta natijalarga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu jarayonda unga ustozlarining ko‘magi va to‘g‘ri tashkil etilgan tayyorgarlik tizimi katta yordam bergan.
“Time management”
Malika o‘z muvaffaqiyatining asosiy sabablaridan biri sifatida vaqtni boshqarish ko‘nikmasini ko‘rsatadi.
Vaqtni aynan to‘g‘ri taqsimlay olganim qisqa muddatda sertifikatlarni qo‘lga kiritishim uchun zamin yaratdi. Qolaversa, ustozlarimning menga bergan yordamlari bilan maktab darsliklariga ham ulgurdim, — ta’kidlaydi u.
Darhaqiqat, bir vaqtning o‘zida ham maktabdagi darslarni o‘zlashtirish, ham bir nechta fanlardan sertifikat olish uchun tayyorgarlik ko‘rish katta mas’uliyat talab qiladi.
Tayyorgarlik davrida uning kun tartibi deyarli to‘liq o‘qish bilan bog‘liq bo‘lgan. Ayrim davrlarda uyqu vaqtini qisqartirishga ham to‘g‘ri kelgan. Ammo o‘quvchi bu vaqtinchalik qiyinchiliklar kelajakdagi maqsadlari uchun zarur ekanini yaxshi tushungan.
Kuniga 5-4 soat uyqu men uchun odatga aylanib qolgandi. Hozirda esa bu 5 soatlik uyquning samarasini ko‘rib turibman.
Sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik doimo ham bir xil kechmagan. Ayrim testlarda savollar murakkab tuyulgan bo‘lsa, ayrimlarida yaxshi natijalar qayd etgan. Eng qiyin jihatlardan biri esa o‘z oldiga qo‘yilgan natijalarga erisha olmaslikdan qo‘rqish bo‘lgan.
O‘zim kutgan natijalarga erisholmasligimdan qo‘rqar edim. Ammo ota-onam, yaqinlarim hamda ustozlarimning menga bo‘lgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashlari meni maqsad tomon chorlardi.
“Hayajonni yenga olgan holda diqqatni jamlash zarur”
Malika test sinovlarida bilim bilan bir qatorda ruhiy tayyorgarlik ham muhim ekanini ta’kidlaydi.
Testda shoshilmaslik muhim deb hisoblayman. Chunki abituriyent uchun test jarayoni qaysidir ma’noda hayajonli kechishi mumkin. Bu vaqtda hayajonni yenggan holda diqqatni jamlash zarur.
Uning fikricha, ko‘plab o‘quvchilar bilim yetishmasligidan emas, balki ortiqcha hayajon sabab o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olmaydi.
Bugun esa qo‘lga kiritilgan natijalar bilan to‘xtab qolishni istamaydi. Aksincha, o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda.
Til bilish mahoratimni kengaytirmoqchiman. Negaki, tanlagan yo‘nalishim xalqaro, uning asosi esa til bilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishdir, — deydi u.
Hozirda u boshqa xorijiy tillarni ham o‘rganmoqda va kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun mustahkam poydevor yaratishga intilmoqda.
Malikani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Samarqandda 10-sinf bitiruvchisi 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan avval 189 ball to‘plagani haqida xabar bergan edik.
