Xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olish tartibi o‘zgardi: nimalar yangilandi?

Xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olish tartibi o‘zgardi: nimalar yangilandi?

O‘zbekistonda xorijda olingan ilmiy darajalarni tan olish tartibi yangilandi. Yangi reglamentga ko‘ra, murojaatlarni onlayn topshirish, ularning ko‘rib chiqilishini kuzatish va ayrim diplomlarni soddalashtirilgan tartibda tan olish imkoniyati yaratildi.

 

Xabar berganimizdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-son qarori bilan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olishga oid yangi ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

 

Oliy attestatsiya komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hujjat xorijda PhD, DSc hamda ularga tenglashtirilgan ilmiy darajalarni qo‘lga kiritgan fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Shuningdek, ilmiy darajalarni tan olish jarayonini soddalashtirish, raqamlashtirish va murojaatchilar uchun qulayroq tizim yaratish maqsad qilingan.

 

Eski tartibda qanday muammolar mavjud edi?

 

Avvalgi amaliyotda ilmiy darajalarni nostrifikatsiya qilish uchun topshirilgan hujjatlarning qaysi bosqichda ko‘rib chiqilayotganini kuzatish imkoniyati cheklangan edi. Shu sababli murojaatchilar orasida turli savollar paydo bo‘lar, ayrim hollarda jarayonning qanday kechayotgani haqida yetarli ma’lumot olish qiyin bo‘lardi.

 

Bundan tashqari, elektron xizmatlar to‘liq shakllanmagani sababli fuqarolar hujjat topshirish, natijalarni olish va boshqa masalalarda qo‘shimcha vaqt sarflashlariga to‘g‘ri kelardi.

 

Yangi reglament nimalarni o‘zgartirdi?

 

Yangi tartibga ko‘ra, ilmiy darajalarni tan olish bo‘yicha murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Endilikda talabgorlar davlat idorasiga bormasdan turib hujjatlarni elektron shaklda yuborishi, murojaatining ko‘rib chiqilish holatini kuzatishi va yakuniy qarorni onlayn olishi mumkin.

 

Shuningdek, xizmatdan Davlat xizmatlari markazlari orqali ham foydalanish imkoniyati saqlab qolingan. Bu esa mamlakatning barcha hududlaridagi fuqarolar uchun bir xil sharoit yaratadi.

 

Yangi reglamentda talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati ham aniq ko‘rsatib berilgan. Belgilangan ro‘yxatdan tashqari qo‘shimcha hujjatlar talab qilishga ruxsat berilmaydi.

 

Jarayonning har bir bosqichi uchun alohida muddatlar ham belgilangan. Hujjatlarni tekshirish, ekspertiza o‘tkazish va yakuniy qaror qabul qilish ishlari belgilangan vaqt oralig‘ida amalga oshirilishi kerak.

 

Diplomlarni tan olishda qanday yengilliklar berildi?

 

Yangi reglament ayrim hollarda xorijda olingan ilmiy darajalarni soddalashtirilgan tartibda tan olish imkoniyatini ham nazarda tutadi.

 

Xususan, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlar bitiruvchilari, davlat dasturlari asosida xorijda tahsil olganlar hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali o‘qigan fuqarolar uchun ayrim hollarda ekspertizasiz tan olish mexanizmi qo‘llanishi mumkin.

 

Shuningdek, ilgari asosan qog‘oz shaklidagi hujjatlar asosiy hisoblangan bo‘lsa, endilikda elektron guvohnomalar ham rasmiy hujjat maqomiga ega bo‘ldi.

 

Murojaatchilar huquqlarini himoya qilish tartibi ham belgilandi

 

Yangi reglamentda apellyatsiya berish mexanizmi ham batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Agar murojaatchi qabul qilingan qarordan norozi bo‘lsa yoki hujjatlarining ko‘rib chiqilishida muammo yuzaga kelsa, belgilangan muddatda apellyatsiya berish huquqiga ega.

 

Shuningdek, zarurat tug‘ilganda masalani sud tartibida ko‘rib chiqish imkoniyati ham saqlanib qoladi.

 

Qarorning amaliy ahamiyati

 

Mutaxassislar fikricha, yangi reglament xorijda ilmiy daraja olgan fuqarolar uchun hujjatlarni tan olish jarayonini ancha qulaylashtiradi. Murojaatlarning elektron shaklda qabul qilinishi, aniq muddatlarning belgilanishi, ortiqcha hujjatlarning qisqartirilishi hamda ayrim diplomlarni soddalashtirilgan tartibda tan olish imkoniyati jarayonni yengillashtiradi.

 

Shu bilan birga, yangi tartib xorijda ta’lim olgan mutaxassislarning mamlakatda ilmiy va kasbiy faoliyatini tezroq boshlashiga yordam beradi.

 

Avvalroq, kelasi yildan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.