18 yoshli talabaning o‘limi Britaniyada keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi

18 yoshli talabaning o‘limi Britaniyada keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi

Buyuk Britaniyaning Sauthempton shahrida 18 yoshli talaba Genri Novakning o‘limi keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Politsiya kamerasi tasvirlarida og‘ir yaralangan talabaning pichoqlangani va nafas ololmayotganini aytishiga qaramay, unga kishan taqilgani aks etgan. Mazkur videoning e’lon qilinishi mamlakatda keskin bahs-munozaralar, norozilik namoyishlari va politsiya bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi.

 

Buyuk Britaniyaning Sauthempton shahrida 18 yoshli talaba Genri Novakning o‘ldirilishi mamlakatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

 

Unga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha 23 yoshli Vikram Digva qotillikda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Biroq voqea faqat qotillikning o‘zi bilan emas, balki politsiya xodimlarining hodisa joyidagi harakatlari tufayli ham jamoatchilik e’tiboriga tushdi.

 

Genri Novak Sauthempton universitetining birinchi bosqich talabasi bo‘lgan. 2025-yil 3-dekabr kuni kechqurun u do‘stlari bilan uchrashuvdan so‘ng yotoqxonasiga qaytayotgan vaqtda hujumga uchragan. Tergov materiallariga ko‘ra, belbog‘iga xanjar taqib yurgan Vikram Digva unga tashlangan. Hodisa guvohlarsiz sodir bo‘lgan, biroq atrofdagi uylar aholisi yordam so‘rab qichqiriqlarni eshitganini ma’lum qilgan.

 

Ayblov tomonining ta’kidlashicha, Digva Novakka besh marta pichoq urgan. Ulardan biri o‘pkaga yetib borib, o‘limga sabab bo‘lgan. Hujumdan so‘ng Digva onasi Kiran Kaurga qo‘ng‘iroq qilib, politsiya yetib kelguniga qadar qurolni yashirishni so‘ragan. Keyinchalik jinoyatda foydalanilgan xanjar oila yashaydigan uydan topilgan.

 

Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari dastlab vaziyatni noto‘g‘ri baholagan. Digva ularga o‘ziga nisbatan irqchilik ruhidagi hujum uyushtirilganini aytgan va o‘zini jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatgan. Shu sababli politsiyachilar og‘ir yaralangan Novakka emas, aynan Digvaning ko‘rsatmalariga tayanib ish tutgan.

 

2026-yil 1-iyun kuni sud hukmi e’lon qilingan vaqtda politsiya bodikameralaridan olingan videoyozuv ham ommaga taqdim etildi. Kadrlarda voqea joyiga kelgan to‘rt nafar politsiyachi Novakka yaqinlashgani aks etgan. Talaba qon yo‘qotayotgan bo‘lishiga qaramay, zaif ovoz bilan nafas ololmayotganini aytadi. Biroq politsiyachilar vaziyatning jiddiyligini darhol anglamagan.

 

Videoda politsiyachilar Digvadan boshqa jabrlanuvchilar bor-yo‘qligini so‘rashadi. U esa Novak unga hujum qilgani, sallasini tushirib yuborgani va sochidan tortganini da’vo qiladi. Shundan keyin kamera yana yerda yotgan Novakka qaratiladi. Talaba bir necha bor: «Meni pichoqlashdi. Yordam bering. Tez yordam chaqiring», deb murojaat qiladi. Ammo politsiyachilardan biri unga ishonmasligini bildiradi.

 

Keyingi kadrlarda Novakning o‘tirishga uringani, biroq holsizligi sabab yiqilib tushayotgani ko‘rinadi. Shunga qaramay, politsiya xodimlari uning qo‘llarini qayirib, kishan taqishadi. Talaba esa yordam so‘rashda davom etadi. Videoning yakunida unga huquqlari tushuntiriladi va hujumda gumonlanayotgani sabab hibsga olingani ma’lum qilinadi.

 

Sud davomida ma’lum bo‘lishicha, hibsga olish jarayonida Novak allaqachon hushini yo‘qotgan bo‘lgan. Hempshir va Uayt oroli politsiyasi xodimlari keyinchalik jonlantirish choralarini ko‘rganini, biroq talabaning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmaganini bildirgan. Sud-tibbiyot ekspertlari ham ichki qon ketishi va og‘ir jarohatlar sabab Novakni qutqarib qolish juda mushkul bo‘lganini ta’kidlagan.

 

Tergov davomida Digva hujumda ishlatilgan 21 santimetrli xanjarning diniy an’analar sabab yonida bo‘lganini aytgan. U o‘zini sikh dini an’analariga amal qilayotganini bildirgan. Biroq Buyuk Britaniyadagi sikhlar jamoasi bu qurolni diniy marosimlarda taqiladigan kirpan bilan tenglashtirib bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

 

1-iyun kuni sud Digvani qotillikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Hukmga ko‘ra, u kamida 21 yil o‘taganidan keyingina shartli ozodlikka chiqish masalasini ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘ladi. Digvaning onasi Kiran Kaur esa jinoyat izlarini yashirishga urinishda ayblanmoqda. Uning ishi bo‘yicha alohida sud jarayoni davom etmoqda.

 

Genri Novakning oila a’zolari politsiya harakatlarini qattiq tanqid qildi. Marhumning otasi Mark Novak o‘g‘li politsiyachilarga bir necha bor nafas ololmayotganini va pichoqlanganini aytganiga qaramay, unga yordam ko‘rsatilmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, og‘ir yarador yigit shag‘al ustida sudralgan va kishanlangan.

 

Shu bilan birga, Novak oilasi ushbu fojia jamiyatda millatlararo yoki irqiy nafratni kuchaytirish vositasiga aylanib qolishini istamasligini ham bildirgan.

 

Hempshir politsiyasi marhumning yaqinlaridan rasman uzr so‘radi. Biroq voqea joyida bo‘lgan politsiyachilarga hozircha ayblov qo‘yilmagan. Mustaqil politsiya nazorati organi ularning harakatlari yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada qatnashgan to‘rt politsiyachidan uch nafari xizmatini davom ettirmoqda, biri esa iste’foga chiqqan.

 

Bodikamera tasvirlari e’lon qilinganidan so‘ng Sauthemptonda norozilik namoyishlari boshlandi. Mingga yaqin namoyishchi shahar markazidagi politsiya bo‘limi oldida to‘planib, voqea uchun mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qildi. Namoyishchilar qo‘llarida turli shiorlar yozilgan plakatlar bilan qatnashdi.

 

Namoyishlarni o‘ng qanot faollari va ayrim konservativ siyosatchilar ham qo‘llab-quvvatladi. Ular politsiyani oq tanli fuqarolarga nisbatan ikki xil standart qo‘llashda aybladi. Ayrim faollar agar Novak boshqa millat vakili bo‘lganida, unga bunday munosabat qilinmagan bo‘lardi, degan fikrlarni ilgari surdi.

 

Keyinchalik bir guruh namoyishchilar Digva yashagan hudud tomon yurishga uringan. Natijada vaziyat keskinlashib, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. Namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga turli buyumlar uloqtirgan. To‘qnashuvlar oqibatida bir necha politsiyachi jarohatlangan va ayrim ishtirokchilar qo‘lga olingan.

 

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keir Starmer voqeani «dahshatli» va «larzaga soluvchi» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, videotasvirlarni tomosha qilish juda og‘ir bo‘lgan va politsiya ushbu ish bo‘yicha ko‘plab savollarga javob berishi kerak.

 

Shuningdek, bosh vazir norozilik namoyishlari vaqtida politsiyaga qarshi zo‘ravonliklarni qoraladi. U ayrim siyosatchilar va faollar tomonidan voqeadan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinishlar kuzatilayotganini ham ta’kidladi.

 

Muxolifat vakillari esa politsiya faoliyati ustidan jiddiy nazorat o‘rnatish va voqea yuzasidan to‘liq javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Ayrim siyosatchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlar barcha fuqarolarga ularning kelib chiqishi va millatidan qat’i nazar bir xil munosabatda bo‘lishi kerakligini qayd etgan.

 

Genri Novak ishi bugungi kunda Buyuk Britaniyada politsiya vakolatlari, irqiy munosabatlar, huquq-tartibot tizimidagi xatolar va jamoatchilik ishonchi masalalari bo‘yicha eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan. Mustaqil tekshiruv yakunlari esa ushbu voqeaga yakuniy huquqiy va siyosiy baho berilishida muhim ahamiyat kasb etadi.