Koreyaga o‘qishga yuborish uchun pul olgan ta’lim muassasasi rahbariga ish qo‘zg‘atildi

Koreyaga o‘qishga yuborish uchun pul olgan ta’lim muassasasi rahbariga ish qo‘zg‘atildi

Andijon viloyatida fuqarolarni Koreyaga o‘qishga yuborishni va’da qilgan nodavlat ta’lim muassasasi rahbari firibgarlikda gumonlanib ushlandi. Tergov davomida u yana 14 nafar fuqarodan Koreyaga ishchi viza olib berish va’dasi bilan jami 44 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ olgani aniqlangan.

 

Andijonda Koreya davlatiga oʻqishga yuborish bilan bogʻliq firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

 

Unga ko’ra, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “N.K.” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari S.E. goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali 6 000 AQSH dollari va 3 mln soʻm evaziga fuqaro O.A.ga xorijiy davlatlarning bakalavr darajadagi diplomini olib berishi va Koreya davlatiga ketishi uchun ishchi viza olib berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 500 AQSH dollari va 3 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Tergovga qadar tekshiruvda S.E. yana 14 nafar fuqaroni ham Koreya davlatiga ketishlari uchun ishchi viza olib berishi evaziga 44 100 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

 

Avvalroq, Andijonda milliy sertifikat va attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilgan firibgar fosh etilgan edi.