Andijonda milliy sertifikat va attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilgan firibgar fosh etildi

Andijonda milliy sertifikat va attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilgan firibgar fosh etildi

Andijon viloyatida pedagogik milliy sertifikat hamda attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilib fuqaroni aldagan shaxs aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

 

Andijon viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida firibgarlik holati fosh etilgan.

 

Ma’lum qilinishicha, Baliqchi tumanida yashovchi ayol Telegram messenjerida “Ismoil” nomli profil egasi bilan muloqot qilgan. U pedagogik milliy sertifikat hamda attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilib, buning evaziga turli plastik kartalarga jami 6 million 200 ming so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib olgan.

 

Tezkor tadbirlar davomida ushbu jinoyatni Marhamat tumanida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan shaxs sodir etgani aniqlangan.

 

Gumonlanuvchidan pul mablag‘lari, plastik kartalar, telefon apparati hamda SIM-kartalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Oldinroq, milliy va attestatsiya sertifikatlarini olib berishni va’da qilayotgan firibgarlar paydo bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.