Xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar nega my.uzbmb.uz saytida ko‘rinmayapti?

Xabar berganimizdek, ehtiyojmand oilalardagi 4 ming nafar xotin-qizlarga qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari doirasida ajratiladigan tavsiyanomalar berish uchun arizalar qabuli boshlangan. Arizalarni Yagona portal (my.gov.uz) orqali ertagacha, 8-iyunga qadar onlayn yuborish mumkin.

 

Hozirgacha 13 ming 654 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga tavsiyanoma berilgan.

 

Xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar nega my.uzbmb.uz saytida ko‘rinmayapti?

 

Shuningdek, ko‘plab abituriyentlarda xotin-qizlar uchun ajratilgan qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha tavsiyanomalar my.uzbmb.uz platformasida aks etmayotgani kuzatilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma olgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati hali tegishli reyestrga to‘liq kiritilmagan. Shu sababli ayrim abituriyentlarning tavsiyanomalari platformada ko‘rinmayapti.

Vazirlar Mahkamasining 402-son qaroriga muvofiq, tavsiyanoma olgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati 14-iyunga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etilishi belgilangan.

Tavsiyanoma chiqmasa, o‘zim qo‘lda kiritsam bo‘ladimi?

Xotin-qizlar uchun berilgan tavsiyanomalar abituriyentlar tomonidan qo‘lda kiritilmaydi. Mazkur imtiyozlar tizimda avtomatik ravishda aks ettiriladi. Faqat xalqaro sertifikatlar ma’lumotlarini abituriyentlar mustaqil ravishda tizimga kiritishlari mumkin.

Shuningdek, my.gov.uz platformasi orqali tavsiyanoma olgan bo‘lsa-da, uning ma’lumotlari hozircha my.uzbmb.uz saytida ko‘rinmayotgan abituriyentlarning tavsiyanomalari qabul jarayoni yakuniga qadar agentlik bazasiga kiritilishi kutilmoqda.

Tavsiyanoma ma’lumotlari hali aks etmagan taqdirda ham abituriyentlar fanlar majmuasini tanlash va ro‘yxatdan o‘tish jarayonini davom ettirishlari mumkin. Imtiyozlar keyinchalik tizimga avtomatik ravishda qo‘shiladi.

Avvalroq, OTMga hujjat topshirish uchun abituriyentlar ID-karta olishlari shart ekanligi haqida xabar bergan edik.