Ohangaronda abituriyent qiz muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Ohangaronda abituriyent qiz muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

So‘nggi yillarda sertifikatlar abituriyentlar orasida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda ko‘plab oliy ta’lim muassasalari, xususan, nufuzli universitetlarga kirishda ustunliklardan biriga aylanmoqda. Biroq bir vaqtning o‘zida bir nechta sertifikatni qo‘lga kiritish katta mehnat, qat’iy intizom va vaqtni to‘g‘ri boshqarishni talab qiladi.

 

Toshkent viloyati Ohangaron tumani Gulobod MFYdagi 43-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchisi Abdumutalova Dilnoza Sirojiddin qizi ham ana shunday mehnatkash bitiruvchilardan biri. U IELTS 6.5, matematika fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, tarix fanidan esa C+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir esa kelajakdagi maqsadini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi bilan bog‘lagan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Dilnozaning aytishicha, ingliz tilini jiddiy o‘rganish qarori 2024-yil sentyabr oyida qabul qilingan. Aynan shu vaqtdan boshlab u xalqaro sertifikat olishni maqsad qilib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.

 

Darslar maxsus o‘quv kurslarida olib borilgan bo‘lib, barcha mavzular bosqichma-bosqich va tizimli tarzda o‘rgatilgan.

 

Ingliz tilini o‘quv kurslaridagi maxsus tizimlashtirilgan darslar orqali o‘rgandim. Har bir mavzuni ketma-ketlik asosida o‘zlashtirish keyingi bosqichlarni tushunishni ancha osonlashtirdi, — deydi u.

 

Umumiy hisobda Dilnoza bir yarim yil davomida IELTS imtihoniga tayyorlanib, 6.5 ball natijani qo‘lga kiritgan.

 

Har bir sertifikat uchun alohida muddat

 

Bitiruvchining ta’kidlashicha, u faqat ingliz tili bilan cheklanib qolmagan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida bir nechta fan bo‘yicha milliy sertifikatlarga ham tayyorgarlik ko‘rgan.

 

Matematika fani uchun 9 oy, ona tili va adabiyot uchun 4 oy, tarix fani uchun esa 1 oy davomida tayyorgarlik olib borgan.

 

Har bir fan uchun alohida vaqt ajratishga harakat qildim. Tayyorgarlik jarayonida rejasiz ishlash natija bermaydi. Qaysi fan qaysi kuni o‘qilishi oldindan belgilangan edi, — deydi Dilnoza.

 

Bir vaqtning o‘zida 4 ta sertifikatga tayyorlanish murakkab hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, u buning uddasidan vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish orqali chiqqan. Ya’ni, haftaning juft va toq kunlariga turli fanlarni taqsimlab, har kuni aynan belgilangan fan bilan shug‘ullangan.

 

Haftaning juft va toq kunlariga alohida fanlarni rejalashtirgandim. Shu sababli qaysi kuni nima o‘qishim haqida o‘ylab vaqt yo‘qotmasdim. Menimcha, tirishqoqlik va tartibli reja bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta sertifikatga ham muvaffaqiyatli tayyorlanish mumkin.

 

Avval maktab, keyin sertifikat

 

Dilnozaning aytishicha, maktab darslari bilan sertifikat tayyorgarligini uyg‘unlashtirish qiyinroq bo‘lmagan. Ammo u o‘zi uchun qulay usulni topgan.

 

Avvalo maktabdagi vazifalarni bajarib bo‘lgach, qolgan vaqtni to‘liq sertifikat tayyorgarligiga bag‘ishlagan.

 

Maktab darsliklari sertifikat mavzulariga qaraganda yengilroq edi. Shu sababli avval maktab vazifalarini tugatardim. Keyin esa butun e’tiborimni sertifikat darslariga qaratardim. Bu usul menga ikkala yo‘nalishda ham ortda qolmaslikka yordam berdi, — deydi bitiruvchi.

 

Shu bilan birga, sifatli uyqu ham yaxshi natija olishda muhim omillardan biridir.

 

Uyqu rejimini to‘g‘ri yuritish miya faoliyatiga juda katta ijobiy ta’sir qiladi. Shuning uchun imkon qadar barcha darslarimni uyqu vaqtigacha tugatishga harakat qilardim. Charchagan holatda o‘qishdan ko‘ra, yaxshi dam olib, ertasi kuni samarali ishlash foydaliroq deb hisoblayman.

 

Eng katta motivatsiya

 

Abituriyent qiz ba’zan ayrim mavzularni tushunmay qolgan, ba’zan esa o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasaygan paytlarni boshdan kechirgan.

 

Ba’zan mavzularni tushunmayotgandek yoki o‘zimni boshqalardan ortda qolayotgandek his qilardim. Shunday paytlarda insonning motivatsiyasi pasayadi. Lekin ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi meni yana o‘zimga ishonishga undardi, — deydi u.

 

Bitiruvchining fikricha, ota-onaning farzandga faqat maqtov emas, kerak bo‘lganda tanbeh, kerak bo‘lganda esa dalda berishi ham katta ahamiyatga ega.

 

Imtihonda vaqtni bitta savolga sarflamang

 

Dilnoza imtihon topshiradigan o‘quvchilarga vaqtni to‘g‘ri boshqarishni tavsiya qiladi. Uning aytishicha, bitta savol ustida uzoq qolib ketish qolgan savollarni ishlash imkoniyatini kamaytiradi.

 

Agar biror savolning javobi topilmasa, unga uzoq vaqt sarflash kerak emas. Avval oson savollarni ishlab chiqish, keyin esa yana qiyinlariga qaytish ancha samarali usul hisoblanadi. Bu nafaqat vaqtni tejaydi, balki hayajonni ham kamaytiradi, — deydi u.

 

Dilnoza ta’lim tizimiga oid o‘z fikrlarini ham bildirib o‘tdi.

 

Uning nazarida, yuqori sinflarda juda ko‘p fanlarni bir vaqtning o‘zida o‘qitish o‘quvchilarning ma’lum bir yo‘nalishda chuqur bilim olishini qiyinlashtiradi.

 

Bugungi kunda maktablarda 15 tadan ortiq fan o‘qitiladi. Menimcha, yuqori sinflarda o‘quvchilar kelajakdagi yo‘nalishiga mos fanlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lsa, o‘sha fanlar yanada chuqurroq va tizimliroq o‘qitilardi. Bu ham o‘quvchining bilimini, ham oliygohga tayyorgarligini sezilarli darajada oshiradi, — deydi bitiruvchi.

 

Barcha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan Dilnoza ayni paytda vaqtini oilasi bilan o‘tkazmoqda.

 

Dilnozani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan farg‘onalik abituriyent Abrorjon Rahmonov bilan suhbatlashgan edik.