Yuqori natija tasodifan qo‘lga kiritilmaydi. U uzoq davom etgan mehnat, qat’iyat va aniq maqsad mahsuli bo‘ladi. Ana shunday yoshlar safida CEFR B2, matematika fanidan A, tarix fanidan B, o‘zbek tili va adabiyot fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan Rahmonov Abrorjon ham bor. U kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining iqtisod yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Abrorjon Rahmonov Farg‘ona viloyati Furqat tumani 9-sinfgacha 16-maktabda keyin, Chirkay qishlog‘idagi politexnikumni bitirgan.
Uning aytishicha, oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish unda 9-sinfdanoq shakllangan. O‘sha paytdan boshlab u kelajagini aniq rejalashtirib, sertifikatlar orqali muddatidan oldin talaba bo‘lishni maqsad qilgan. Biroq bu yo‘l oson kechmagan.
Ba’zan hammasidan charchab, “o‘qimayman bo‘ldi” degan fikrlar ham bo‘lgan. Shunday paytlarda ota-onamning “O‘g‘lim, bir ishni boshladingmi, oxirigacha bor. Har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor”, degan so‘zlari menga yana kuch bergan.
Matematika fanidan milliy sertifikat olish uchun 2 yil, ingliz tilidan CEFR B2 darajasiga erishish uchun 1,5 yil, ona tili va tarix fanlaridan esa bir yarim oy davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rdi. Barcha mashg‘ulotlarda repetitorlar ko‘magidan foydalangan.
Uning fikricha, natijaga erishishning eng muhim omili iste’dod emas, balki tartib va intizomdir.
“Tartib bo‘lmagan joyda yuksalish bo‘lmaydi”
Tayyorgarlik davrida Abrorjon o‘ziga qat’iy kun tartibini belgilagan. Har bir vazifani ma’lum vaqt oralig‘ida bajarishga odatlangan. Ustozlarining maslahatlari ham unga katta motivatsiya bergan.
Domlam doim: “Tartib bo‘lmagan joyda yuksalish bo‘lmaydi”, der edilar. Shu gapni o‘zim uchun hayotiy qoida qilib oldim.
Dastlab vaqtni to‘g‘ri taqsimlash qiyin bo‘lgan. Do‘stlari bilan kamroq uchrashish, ko‘proq vaqtni darsga ajratish ba’zan og‘ir tuyulgan. Hatto ayrim do‘stlari: “Nima qilasan shuncha o‘qib?”, deya uning ishonchini so‘ndirishga uringan. Ammo u o‘z maqsadidan chekinmagan.
Ba’zi kunlari tun bo‘yi uxlamay dars qilgan paytlari ham bo‘lgan. O‘sha damlarda u o‘zini bitta shior bilan ruhlantirgan:
“Bir narsadan kechmasdan turib, boshqa biriga erishib bo‘lmaydi.»
‘‘Men bu kelajakni albatta qurishim kerak’’
Har qanday muvaffaqiyat yo‘lida qiyin sinovlar bo‘ladi. Abituriyent yigit ham ba’zan tushkunlikka tushganini yashirmaydi. Biroq u bunday paytlarda maqsadini yodga olib, yana oldinga intilgan.
Qiyin holatlarga tushganimda o‘zimga bitta gapni takrorlardim: “Men bu kelajakni albatta qurishim kerak”.
Uning ta’kidlashicha, test sinovlarida yuqori natija ko‘rsatish uchun shoshilmaslik, savollarni xotirjamlik bilan ishlash va vaqtni to‘g‘ri boshqarish juda muhim. Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan esa butunlay voz kechmagan. Aksincha, ulardan me’yorida foydalanishga harakat qilgan.
Dars payti — dars. Dam olish payti esa 15–20 daqiqa miyani bo‘shatish ham kerak. Hamma narsaning o‘z vaqti bo‘lsa, natija ham yaxshi bo‘ladi. Maslahatim “Har bir daqiqani qadriga yetish kerak ota-onangiz siz uchun mehnat qilyapti”- degan bo‘lardim.
Bugungi kunda sertifikatlar sohibiga aylangan bitiruvchi sertifikatlar orqali orzusiga yana bir qadam yaqinlashdi. Ayni paytda u bo‘sh vaqtlarini badiiy va ilmiy kitoblar mutolaasiga bag‘ishlamoqda.
Abrorjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, muddatidan oldin talaba bo‘lgan jizzaxlik abituriyent qiz Iroda Maxkamova bilan suhbatlashgan edik.
