Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Canva kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuvi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bunga kelishuvning 20 million AQSH dollari qiymatidagi grant sifatida e’lon qilingani va Canva for Education platformasining amaldagi foydalanish shartlari yuzasidan bildirilayotgan fikrlar sabab bo‘lmoqda.
Vazirlik nima dedi?
Vazir E’zoza Karimovaning ma’lum qilishicha, kelishuv doirasida O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab uch yil davomida Canva for Education platformasidan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, loyiha qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Rasmiy izohga ko‘ra, ushbu qiymat vazirlikka ajratiladigan mablag‘ emas, balki 10 mingdan ortiq maktabning uch yil davomida platformaning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishining hisoblangan bozor qiymati hisoblanadi. Vazirlik bu xizmat uchun Canva kompaniyasiga hech qanday to‘lov amalga oshirmasligini bildirgan.
Shuningdek, hamkorlik doirasida:
- e-Maktab tizimi orqali Canva platformasiga kirish imkoniyati yaratilishi;
- o‘qituvchilar uchun treninglar tashkil etilishi;
- platformaga o‘zbek milliy dizayn elementlari va shablonlari joylashtirilishi;
- foydalanish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar shakllantirilishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan.
Vazirlikning qayd etishicha, Canva dunyoning boshqa davlatlari ta’lim vazirliklari bilan ham shunga o‘xshash hamkorliklarni amalga oshirib kelmoqda.
Savollar nimadan boshlandi?
Kelishuv e’lon qilinganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Canva for Education platformasi o‘qituvchilar uchun avvaldan bepul ekani haqida fikrlar bildirildi.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov Canva rasmiy platformasidagi ma’lumotlarga tayanib, Canva for Education umumiy o‘rta ta’lim (K–12) o‘qituvchilari uchun bepul taqdim etilishini eslatdi.
Uning qayd etishicha, Canva for Education oddiy bepul tarif emas, balki platformaning premium funksiyalarini o‘z ichiga oladi. Kompaniya rasmiy sahifasida ushbu xizmat o‘qituvchilar uchun bepul ekani va undan ta’lim maqsadlarida foydalanish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ekspert shu asosda o‘qituvchilar uchun avvaldan bepul bo‘lgan xizmatning 20 million dollarlik grant sifatida e’lon qilinishiga oid savollarni o‘rtaga tashlagan.
Vazirlikning qo‘shimcha izohi
Xalqtaliminfo.uz nashriga bergan izohida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi platformaning oddiy foydalanuvchilar uchun mavjud imkoniyatlari bilan mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan hamkorlikni bir-biridan farqlash lozimligini bildirgan.
Vazirlikka ko‘ra, kelishuv faqat platformadan foydalanish huquqini emas, balki ta’lim tizimiga integratsiya qilish, barcha maktablarni yagona tartibda ulash, metodik qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilarni o‘qitish hamda milliy shablon va dizayn resurslarini ishlab chiqishni ham nazarda tutadi.
Shuningdek, vazirlik 20 million dollar kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarning hisoblangan qiymati bo‘lib, davlat byudjetiga ajratilgan yoki vazirlik hisobiga o‘tkaziladigan mablag‘ emasligini ta’kidlagan.
Muhokama markazidagi masala
Muhokamalar asosan Canva for Education platformasining o‘qituvchilar uchun amaldagi bepul maqomi hamda vazirlik tomonidan e’lon qilingan grant qiymatining mazmuniga qaratilgan.
Bir tomondan, ekspertlar kompaniyaning amaldagi siyosatini eslatib, platforma o‘qituvchilar uchun allaqachon bepul ekanini qayd etmoqda. Ikkinchi tomondan, vazirlik mazkur kelishuvni butun mamlakat ta’lim tizimi uchun amalga oshirilayotgan institutsional hamkorlik, integratsiya va qo‘shimcha xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi loyiha sifatida izohlamoqda.
Hozircha Canva kompaniyasi ushbu muhokamalar yuzasidan alohida rasmiy bayonot bergani haqida ma’lumot mavjud emas.
Avvalroq, vazir E’zoza Karimova ma’lumotiga tayanib “Canva for education” platformasidan 3 yil bepul foydalanish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.
