16 yoshli o‘smir AQShdagi maktabda otishma sodir etdi, qurbonlar bor

16 yoshli o‘smir AQShdagi maktabda otishma sodir etdi, qurbonlar bor

AQShdagi boshlang‘ich maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida uch nafar bola va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 16 yoshli hujumchi mahalliy aholi vakili tomonidan otib o‘ldirilgan.

 

AQShning Oregon shtati Bend shahridagi boshlang‘ich maktabda 16 yoshli o‘smir o‘q uzishi oqibatida uch nafar bola va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Keyinchalik o‘smir mahalliy aholi vakili tomonidan otib o‘ldirildi. Bu haqda politsiya ma’lum qildi.

 

Halok bo‘lgan bolalarning yoshi 5, 8 va 11 da bo‘lgan. Yana bir 7 yoshli bola va 54 yoshli o‘qituvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.

 

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan o‘smir Silver Rail boshlang‘ich maktabiga kirib, qulflangan eshiklarga qarata o‘q uzgan. Politsiya gumonlanuvchining yoshidan tashqari u haqda boshqa ma’lumotlarni oshkor qilmagan.

 

Hujum qilgan shaxsning maktab bilan qandaydir aloqasi bo‘lgan-bo‘lmagani ham hozircha noma’lum.

 

Bend politsiyasi boshlig‘i Mayk Krantsning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi vakili 16 yoshli o‘smirning maktabga kirganini ko‘rib, uning ortidan ergashgan va uni otib o‘ldirgan.

 

Oregon gubernatori Tina Kotek mahalliy aholi vakiliga minnatdorlik bildirib, u “yanada ko‘proq insonlar qurbon bo‘lishining oldini olish uchun qahramonlarcha aralashganini” ta’kidlagan.

 

16 yoshli o‘smir AQShdagi maktabda otishma sodir etdi, qurbonlar bor

16 yoshli o‘smir AQShdagi maktabda otishma sodir etdi, qurbonlar bor

 

AQShda ta’lim muassasalarida sodir bo‘ladigan otishmalar takrorlanib turadi. Eng ko‘p rezonansga sabab bo‘lgan hujumlar qatoriga 1999-yilda Kolumbayn o‘rta maktabida, 2012-yilda Sendi-Huk boshlang‘ich maktabida, 2018-yilda Mardjori Stounmen Duglas nomidagi maktabda hamda 2022-yilda Texas shtatining Uvalde shahridagi Robb boshlang‘ich maktabida yuz bergan otishmalar kiradi.

 

CNN hisob-kitoblariga ko‘ra, Bend shahridagi hodisa 2026-yil boshidan buyon AQSh maktablari hududida sodir bo‘lgan 36-otishma hisoblanadi.

 

BBC’ning yozishicha, har bir shunday hodisa AQShda qurol-yarog‘ to‘g‘risidagi qonunchilik yuzasidan bahs-munozaralarni qayta kuchaytiradi. Mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan Ikkinchi tuzatish fuqarolarning qurol saqlash va olib yurish huquqini himoya qiladi. Qurolga egalik qilish huquqi tarafdorlari xavfsizlikni ta’minlash choralaridan biri sifatida o‘qituvchilarni qurol bilan ta’minlash taklifini ilgari suradi.

 

Avvalroq, Fransiyada maktabda otishma yuz berishi oqibatida direktor va o‘qituvchi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.