‘‘O‘quvchilardagi mas’uliyatsizlik meni ranjitadi’’: “Yil o‘qituvchisi” g‘olibi mukofot pulining bir qismini kitobxonlikka yo‘naltirmoqchi

‘‘O‘quvchilardagi mas’uliyatsizlik meni ranjitadi’’: “Yil o‘qituvchisi” g‘olibi mukofot pulining bir qismini kitobxonlikka yo‘naltirmoqchi

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 5-maktab kimyo fani o‘qituvchisi Gulzoda Eshonqulova “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. U mukofotining bir qismini o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rag‘batlantirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

 

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi 5-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Gulzoda Eshonqulova «Yil o‘qituvchisi» tanlovida g‘olib bo‘lib, 616 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, u mukofotining bir qismini o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rag‘batlantirishga yo‘naltirmoqchi.

 

‘‘Mening yoshligimdan kitobga mehrim boshqacha. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim she’rlar, hikoyalar yozishga harakat qilardim. Ammo oilaviy sharoitimiz tufayli ularni nashriyotga bera olmaganman. Kimyo fanini tanlagan bo‘lsam ham, badiiy kitob o‘qish jon-u dilim’’, — deydi o‘qituvchi.

 

O‘qituvchi bir necha yillardan buyon «Yosh kitobxon» tanlovida qatnashib keladi. Suhbat davomida oxirgi marta 30 yoshida ushbu tanlovda qatnashgani va viloyat bosqichida qolib ketib, xafa bo‘lgani haqida aytib berdi.

 

‘‘Oxirgi marta 30 yoshimda ishtirok etganimda viloyat bosqichida qolib ketdim. Juda xafa bo‘ldim. Yana imkoniyat berishlarini, kitob o‘qishni xohlashimni yozdim. Lekin tanlov shartlariga ko‘ra, yoshim sababli endi ishtirok eta olmasdim.

O‘sha paytda besh-olti yashar farzandlarim: «Ayajon, kitob o‘qib mashina yutolmadingizmi? Biz o‘qiymiz, yutib olamiz», deyishdi. O‘zimni tutdim. «Endi tanlovga farzandlarim bilan qaytaman, ular albatta kitob o‘qib mashina yutadi», deb niyat qildim’’, — deydi u.

 

Gulzoda Eshonqulova kitobning inson hayotidagi o‘rnini juda muhim deb biladi. Shuning uchun u bolalarning ham kitobga mehri oshishini istaydi. U o‘quv markazida bo‘lib o‘tadigan kitbxonlik tanlovi g‘oliblari uchun o‘z nomidan alohida sovrin ajratmoqchi.

 

‘‘Men maktabdan tashqari Ko‘kdala tumanidagi o‘quv markazida repetitor o‘qituvchi sifatida ham faoliyat yuritaman. 2026-yilda markazimizda ‘‘Ko‘kdala kitobxoni — 2026’’ tanlovi o‘tkazildi. Har yili ushbu tanlovni muntazam tashkil etishni niyat qilganmiz. Avval g‘oliblarni markaz rahbarimiz taqdirlagan bo‘lsa, endi men ham alohida sovrin ajratmoqchiman’’, — deydi u.

 

O‘qituvchi o‘quvchilardagi mas’uliyatsizlik haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, uning fikricha o‘qituvchilar ham bu borada faol bo‘lishi kerak.

 

‘‘O‘quvchilardagi mas’uliyatsizlik meni ranjitadi. Chunki bola o‘z zimmasidagi vazifani his qilishi, oldiga maqsad qo‘yishi va unga erishish uchun harakat qilishi kerak. Menimcha, yaxshi o‘qituvchi faqat bilim berish bilan cheklanmasligi lozim. U bolalarning qalbiga mehr joylashi, hayotga bo‘lgan ishonchini oshirishi, ularni maqsad sari to‘g‘ri yo‘naltirishi kerak’’, — deydi Gulzoda Eshonqulova.

 

— 616 million so‘mlik mukofot hayotingizda nimanidir o‘zgartirdimi? degan savolimizga u shunday javob berdi:

 

‘‘Bu tanlovdagi yutug‘im, avvalo, o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi. Tanlov davomida ham, hozir ham aytaman: men uchun 616 million so‘mdan ham ko‘ra e’tirof birinchi o‘rinda edi.’’

«Alkimyogar» asarida aytilganidek, agar inson biror narsani chin dildan istasa, butun olam uning orzusi amalga oshishiga yordam beradi. Men bu e’tirofga sazovor bo‘lgan ekanman, endi tinmay izlanishim, har qadamda shu nomga munosib bo‘lishim kerak. Bu men uchun katta mas’uliyat.’’

 

O‘qituvchi suhbat yakunida yosh kitobxonlarga omad tiladi.

‘‘Eng muhimi, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotmaslik kerak. Har bir bolaning imkoniyati va sharoiti har xil. Lekin kitobga mehr uyg‘onsa, insonning oldida yangi imkoniyatlar ochiladi.
Men o‘quvchilarimning bilimli, maqsadli va kitobxon bo‘lib ulg‘ayishini istayman. Agar mening bugungi yutug‘im ularning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirishga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shsa, bundan xursand bo‘laman»,- deydi u suhbatimiz yakunida.

 

Tahririyatimiz ushbu o‘qituvchining keyingi ish faoliyatida omad tilab qoladi!