Surxondaryoda 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisining avtomobilini haydab, videosini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi (video)

Surxondaryoda 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisining avtomobilini haydab, videosini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi (video)

Surxondaryoda 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisiga tegishli Spark avtomobilini boshqarib, jarayonni videoga olgan. Holat yuzasidan o‘quvchi va uning onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, qonuniy chora ko‘rilgan.

 

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetmagan maktab o‘quvchisining avtomobil boshqargani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, tumandagi 19-maktabning 5-sinf o‘quvchisi qo‘shnisiga tegishli Spark avtomobilini boshqarib, bu jarayonni videoga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.

 

Holat yuzasidan viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari o‘quvchi va uning onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan.

 

O‘quvchining onasi Asima G‘ulzorovaning aytishicha, u o‘g‘lining avtomobil boshqarganidan bexabar bo‘lgan. Biroq farzandining mashina haydashga qiziqishi borligini bilgan.

 

Shu bilan birga, bundan keyin farzandining tarbiyasiga ko‘proq e’tibor qaratishini va uning ta’lim olishi hamda to‘garaklarga qatnashishi uchun harakat qilishini bildirgan. O‘quvchi ham qilgan ishidan afsusdaligini aytib, bunday holatni boshqa takrorlamasligini ta’kidlagan.

 

Shuningdek, o‘quvchi tengdoshlarini ham bunday ishlarni takrorlamaslikka chaqirgan.

 

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilgan.

 

Avvalroq, 5-sinf o‘quvchisi avtomobil boshqargani, oqibatda otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani haqida xabar berilgandi.