Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan bolaning avtomobil boshqarayotgani aks etgan video tarqaldi. O‘quvchining otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘rganishlar davomida avtomobilni Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi boshqargani aniqlangan. Transport vositasi esa uning otasiga tegishli bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan shaxsning otasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi hamda 135-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ota-onalarni voyaga yetmagan farzandlarining avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Avvalroq, Urganchda 15 yoshli maktab o‘quvchisi “Jiguli”da YPX xodimlaridan qochishga uringani, ammo baribir qo‘lga tushib uning otasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani haqida xabar berilgandi.
