Urganchda 15 yoshli maktab o‘quvchisi “Jiguli”da YPX xodimlaridan qochishga urindi (video)

Urganchda 15 yoshli maktab o‘quvchisi “Jiguli”da YPX xodimlaridan qochishga urindi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘smir yigit VAZ-2107 rusumli avtomobilda YPX xodimlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringani tasvirlangan video tarqaldi. Holat Urganchda 9-sinf o‘quvchisi tomonidan sodir etilgani aytilmoqda.

 

Qayd etilishicha, Urganchda o‘smir yigit mahallaning ichki yo‘llarida VAZ-2107 rusumli avtomobilda tezlikni oshirib harakatlanib, shovqin qilgan. YPX inspektorlari undan to‘xtashni talab qilganida, maktab o‘quvchisi to‘xtamasdan qochishga uringan.

 

Ta’qibdan so‘ng u qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, avtomobil rulida 9-sinfda o‘qiydigan, 15 yoshli o‘quvchi bo‘lgan.

 

Ta’kidlanishicha, o‘smirning otasiga avtomobilni tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxsga boshqarishga bergani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. “Jiguli” esa jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

 

Avvalroq, Qashqadaryoda maktab o‘quvchisi 3 yoshli bolani bosib ketgani haqida xabar berilgandi.