O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab maktab o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlashni o‘rgatuvchi xalqaro dastur joriy etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Prezidentning joriy yil 20-yanvardagi tegishli qarori asosida qabul qilingan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi doirasida O‘zbekistonda ilk bor “FAST — superqahramonlar” xalqaro ta’lim loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yil 1-noyabrdan boshlanadigan loyiha 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarni qamrab oladi. Dastlab Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yettita, Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi jami oltita umumta’lim maktabida mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
“Angels Initiative” xalqaro tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan dastur bolalarga insultning asosiy belgilarini o‘yin elementlari, qahramonlar va videomateriallar yordamida tushuntirishga qaratilgan.
“FAST” tamoyili yuzdagi o‘zgarishlar, qo‘ldagi holsizlik, nutq buzilishi va vaqtni boy bermasdan harakat qilish zarurligini anglatadi. Mashg‘ulotlarda o‘quvchilar inson yuzida asimmetriya paydo bo‘lishi, bir qo‘lini ko‘tara olmasligi yoki gapirishda qiynalishi insult belgisi bo‘lishi mumkinligini o‘rganadi.
Shuningdek, bunday holatlarda kattalarni zudlik bilan xabardor qilish va 103 raqami orqali tez tibbiy yordam chaqirish zarurligi tushuntiriladi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri shundaki, bolalar o‘rgangan bilimlarini ota-onalari, bobo va buvilariga ham yetkazishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali nafaqat maktab o‘quvchilari, balki ularning oila a’zolari orasida ham insult belgilari haqida xabardorlikni oshirish maqsad qilingan.
Xalqaro hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan ushbu dastur Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Braziliya, Kanada, Gretsiya, Islandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Latviya, Slovakiya, Vengriya, Bolgariya va Singapur kabi dunyoning 40 ga yaqin davlatida 2 million nafardan ortiq bolani qamrab olgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, dasturning asosiy maqsadi bolalarda insultning dastlabki belgilarini tanish, yaqinlarining salomatligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Avvalroq, Qozog‘istonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlash o‘rgatilayotgani haqida xabar berilgandi.
