Qozog‘istonda 2025–2026-o‘quv yilida qariyb 3 700 nafar maktab o‘quvchisi insultning asosiy belgilarini aniqlash va favqulodda vaziyatda to‘g‘ri harakat qilishni o‘rgandi. Bu xalqaro FAST Heroes ta’lim dasturi doirasida amalga oshirilgan.
Bu haqda Kazinform muxbiriga Salidat Qayirbekova nomidagi Milliy ilmiy sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi ma’lum qilgan.
Dasturda 28 ta maktabdan jami 3 699 nafar bola ishtirok etdi. Loyiha Aqtobe viloyatidagi 27 ta maktab va Ostona shahridagi bitta pilot (test rejimi) maktabda amalga oshirilgan.
Uning asosiy maqsadi aholining insult belgilari va o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilish muhimligi haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
Dastur qanday amalga oshirilmoqda?
Ushbu dastur Qozog‘istonda 2021-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Shu vaqt davomida dastur qamrovi bosqichma-bosqich kengayib borgan. Ishtirokchilar soni yildan-yilga oshib borgan.
Birinchi yili Ostona shahridagi 5 ta maktabdan 593 nafar bola jalb etilgan. 2024–2025-o‘quv yilida 1 725 nafar bola ta’lim olgan bo‘lsa, 2025–2026-o‘quv yilida ularning soni ikki barobardan ko‘proqqa oshgan.
Qayd etilishicha, bu dastur 5–9 yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, avlodlararo ta’lim tamoyiliga asoslangan. Ya’ni bolalar maktabda olgan bilimlarini ota-onasi, buvisi va bobosiga yetkazadi. Shu tariqa insult belgilari haqidagi ma’lumot nafaqat o‘quvchilar, balki ularning oilalari orasida ham tarqaladi.
Bolalar insult belgilarini qanday aniqlashni o‘rganadi?
Bolalarga murakkab tibbiy atamalar o‘rniga insultning asosiy belgilari multfilmlar, qo‘shiqlar, o‘yinlar, elektron kitoblar, ish daftarlari va ijodiy topshiriqlar orqali tushuntiriladi.
Ta’lim haftasiga bir marta o‘tkaziladigan 5 ta mashg‘ulotdan iborat.
Unda bolalar insultning uchta asosiy belgisini yodlab oladi:
- Yuz — yuzning bir tomoni to‘satdan qiyshayishi yoki assimetriya paydo bo‘lishi;
- Qo‘l — bir qo‘lda to‘satdan kuchsizlik yoki uvishish paydo bo‘lishi;
- Nutq — odam so‘zlarni aniq talaffuz qila olmasligi.
Ushbu belgilardan hech bo‘lmaganda bittasi paydo bo‘lsa, zudlik bilan 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez yordam chaqirish kerak.
FAST algoritmining to‘rtinchi elementi — vaqt. Insult holatida kechikish inson salomatligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu sababli belgilarni imkon qadar erta aniqlash va tez tibbiy yordamga murojaat qilish muhim.
Bolalar yaqinlari uchun “superqahramon”ga aylanmoqda
FAST Heroes dasturi oddiy g‘oyaga asoslangan: bolalar uchun buvi va bobolari superqahramon bo‘lsa, bolalarning o‘zi ham yaqinlari uchun superqahramonga aylanishi mumkin.
Insultning dastlabki belgilarini o‘rgangan bola tibbiy ma’lumotni oila a’zolariga yetkazuvchi vositachiga aylanadi. U kattalarga xavfli belgilarni o‘z vaqtida aniqlash va tez yordam chaqirish zarurligini eslatishi mumkin.
Aqtobe viloyatida dasturni amalga oshirish doirasida “FAST Heroes” va “Angels Initiative” xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda qozoq va rus tillarida o‘quv vebinarlari o‘tkazilgan.
Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining 100 nafardan ortig‘ini birlashtirgan yagona aloqa kanali tashkil etilgan.
