Albaniyada talabalar universitetlardagi sharoitlarni yaxshilash va ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishni talab qilib namoyishga chiqdi. Mamlakatda bir necha oydan beri davom etayotgan hukumatga qarshi noroziliklarda esa bosh vazir Edi Ramaning iste’fosi talab qilinmoqda.
Joriy yil 13-oktyabr kuni Tirana shahrida boshlangan talabalar noroziligi keyingi kunlarda davlat idoralari binolari va xususiy korxonalarga qilingan hujumlar bilan davom etdi. Namoyishlar mamlakatning boshqa yirik shaharlariga ham tarqaldi.
Dastlab Ta’lim vazirligi binosi oldida boshlangan namoyishlarda talabalar universitetlardagi sharoitlarni yaxshilash, ta’lim to‘lovlari va darsliklar narxining oshishiga qarshi choralar ko‘rish hamda ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishni talab qilgan. Keyinchalik ularga o‘rta maktab o‘quvchilari ham qo‘shilgan.
BBC’ning yozishicha, namoyishlarning ikkinchi kunida, 14-oktyabrda, Ta’lim vazirligi binosining bir qismida yong‘in sodir bo‘lgan. Bosh vazir idorasi, Moliya va Ichki ishlar vazirliklari hamda yaqin atrofdagi bir nechta xususiy korxonalarga ham hujum qilingan.
Niqob taqqan ayrim namoyishchilar politsiyaga tosh otgan. Huquq-tartibot xodimlari esa olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. To‘qnashuvlar oqibatida o‘nlab politsiyachilar jarohatlangan.
Noroziliklar nafaqat talabalar, balki butun mamlakat aholisi manfaatlarini ifodalashini aytgan.
Xalq mavjud tizimdan juda g‘azablangan. Ular hamma narsani o‘zgartirishni istaydi. Atrofdagi korrupsiya, jinoyatchilik va boshqa muammolar odamlarning sabrini tugatdi. Endi ular tizimni o‘zgartirishni xohlaydi, — degan namoyishchilardan biri Enida Bimi.
Albaniya davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, namoyishlarda zo‘ravonlik harakatlariga aloqadorlikda 16 kishi hibsga olingan.
“Flamingo qanday harakat?
Talabalar namoyishi mamlakatda bir necha oydan beri davom etayotgan hukumatga qarshi noroziliklar fonida yuz bergan. “Flamingo” harakati deb ataladigan bu harakat ishtirokchilari bosh vazir Edi Ramaning iste’fosini talab qilib kelmoqda.
Yoz davomida qariyb 135 kun ketma-ket Tirana markazida o‘tkazilgan namoyishlarda odamlar pushti flamingo tasvirlarini ko‘tarib chiqishgan. Ular bosh vazirni iste’foga chaqirgan. Harakat vakillari biror siyosiy partiyaga aloqador emasligini ta’kidlaydi.
“Flamingo” harakati dastlab Adriatika dengizi sohilida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik turizm loyihasiga qarshi norozilik sifatida boshlangan. Loyiha AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan bog‘liq.
Namoyishchilar hashamatli turistik majmua qurilishi Vlora shahri sohilidagi orol yaqinida yashovchi flamingolarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.
BBC bilan suhbatlashgan yosh namoyishchilardan biri —besh oy davom etgan tinch namoyishlarga nisbatan hukumatning munosabatini tanqid qilgan.
Besh oy davom etgan tinch namoyishlar tahqirlash, masxara qilish va ustidan kulish bilan qarshi olindi. Bu hukumat tomonidan bizning ovozimiz eshitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida aniq berilgan xabar edi, — dedi u.
Bosh vazir Edi Rama tartibsizliklar ortida muxolifat yetakchisi Sali Berisha turganini da’vo qilgan. U zarar ko‘rgan ayrim binolarni aylanib chiqib, muxolifatni zo‘ravonlikni rag‘batlantirishda ayblagan.
Lekin Edi Rama namoyishlar fonida iste’foga chiqmasligini bildirib, fuqarolarni tinglashga va asosli talablarni ko‘rib chiqishga va’da bergan.
Albaniya OAVlarida xorijiy davlatlarning maxsus xizmatlari noroziliklarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar ilgari surilgan.
Albaniya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilmaydimi?
Albaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatdagi zo‘ravonliklar esa uning xalqaro obro‘siga, jumladan, sayyohlik sohasiga zarar yetkazishi mumkin.
Namoyishlar bir nechta shaharda kuzatilgan bo‘lsa-da, zo‘ravonliklar hozircha muayyan hududlar doirasida qolmoqda.
Hozircha talabalar noroziligi va “Flamingo” harakati o‘rtasidagi aloqalar to‘liq aniqlanmagan. Biroq har ikki harakatda korrupsiya, hukumatga ishonchsizlik va siyosiy o‘zgarishlarga bo‘lgan talab muhim o‘rin tutmoqda.
Avvalroq, Chilida talabalar va o‘qituvchilar ta’lim xarajatlari qisqartirilgani uchun namoyish uyushtirgani haqida xabar berilgandi.



