Sun’iy intellekt kompaniyalari AI bilan bog‘liq yirik inqirozli hodisalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mutaxassislar bunday hodisa yaqin 6–12 oy ichida yuz berishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Anthropic, OpenAI va boshqa sun’iy intellekt kompaniyalari AI bilan bog‘liq jiddiy hodisa yuz bersa, qanday harakat qilish kerakligini muhokama qilmoqda. Bunday hodisa jamoatchilikning texnologiyaga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi mumkin. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Katta muammolar yuz berganda qanday yo‘l tutishni oldindan rejalashtirish ko‘plab kompaniyalar va milliy xavfsizlik tashkilotlari uchun odatiy hol. Biroq sun’iy intellekt sohasidagi ayrim tadqiqotchilar va kompaniya rahbarlari ushbu texnologiya bilan bog‘liq jiddiy hodisa yuz berishi mumkin, deb hisoblaydi.
Axios nashriga ma’lumot bergan soha vakillarining taxminicha, bu yaqin 6–12 oy ichida sodir bo‘lishi mumkin.
Eng xavotirli holatlardan biri kiberhujum bo‘lishi mumkin. Bunday hujum moliyaviy xizmatlar, internet, hatto elektr va suv ta’minoti tizimlari faoliyatini izdan chiqarishi ehtimoli bor.
Muammo sun’iy intellekt agentlarining sinov muhitidan chiqib ketishi yoki xakerlarning hujumi oqibatida yuz berishi mumkin. Har ikki holatda ham odamlarning sun’iy intellektga va uni ishlab chiquvchi kompaniyalarga bo‘lgan ishonchi pasayishi mumkin.
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalar bunday vaziyatga tayyorgarlik ko‘rishda joriy yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tadigan AQSh Kongressi bilan qanday hamkorlik qilish masalasiga ham e’tibor qaratmoqda.
Sun’iy intellekt modellarini favqulodda vaziyatda o‘chirib qo‘yish imkonini beruvchi mexanizm yaratish taklifini esa har ikki partiya vakillari qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq ekspertlar sun’iy intellekt tizimlarini istalgan vaziyatda to‘liq o‘chirib qo‘yish mumkinligiga shubha bildirmoqda.
Avvalroq, OpenAI’ning yangi AI modeli 350 dan ortiq matematik masalalarni yechgani olimlarning kasblarini kelajagidan xavotirlanishiga sabab bo‘layotgani haqida xabar berilgandi.
