Milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtgan talabgorlar 24 soat ichida toʻlovni amalga oshirishi kerak. Toʻlov qilmaganlarning arizasi bekor qilinadi.
16-oktyabrdan matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan noyabr oyida oʻtkaziladigan milliy sertifikat imtihoni uchun ariza berish boshlangan edi.
Agentlik xabariga koʻra, endilikda toʻlovlar 24 soat ichida amalga oshirilishi kerak. Bu vaqt mobaynida toʻlov qilinmagan arizalar bekor qilinadi va oʻrniga boshqa talabgorlardan arizalar qabul qilinadi.
Statistikaga koʻra, 16-oktyabr kuni jami 203 mingdan ortiq talabgor milliy sertifikat imtihonida qatnashish uchun ariza yuborgan.
Maʼlumot uchun, 2026-yilning ikkinchi yarmidan boshlab milliy sertifikat imtihonlarida qatnashmoqchi boʻlgan talabgorlar soniga cheklov qoʻyildi. Agentlik buni talabgorlarga qulaylik yaratish, natijalarning oʻz vaqtida chiqishi va imtihonlarning belgilangan kunlarda oʻtkazilishi bilan izohladi.
