Klaviaturada tez yozish uchun nima qilish kerak?

Klaviaturada tez yozish uchun nima qilish kerak?

Klaviaturada tez va xatosiz yozish nafaqat kompyuterda ishlashni yengillashtiradi, balki fikrni yozma shaklda ifodalash jarayoniga ham ta’sir qilishi mumkin. Xalqaro tadqiqotlarda klaviaturaga qaramasdan yozishni o‘rgatish usullari o‘rganilgan.

 

Xo‘sh, bu ko‘nikmani qanday rivojlantirish mumkin va yozish tezligi qaysi formula orqali hisoblanadi?

 

Raqamli texnologiyalar ta’lim va mehnat jarayonining ajralmas qismiga aylangan bir paytda, kompyuterda samarali ishlash uchun faqat dasturlarni bilishning o‘zi yetarli emas. Matn terish, elektron xat yozish, ma’lumotlarni kiritish va fikrlarni tezkor ifodalash ham muhim amaliy ko‘nikmalar hisoblanadi.

 

Ayniqsa, talabalar, jurnalistlar, o‘qituvchilar davlat va ofis xodimlari uchun klaviaturada ishlash mahorati kundalik vazifalarni bajarishda ahamiyat kasb etadi.

 

Mutaxassislar o‘rgatayotgan usullardan biri — touch typing, ya’ni klaviaturaga qaramasdan, barmoqlarning belgilangan joylashuvi asosida yozishdir.

 

Tez yozish tug‘ma qobiliyatmi yoki o‘rganiladigan ko‘nikmami?

 

Touch typing usulida har bir barmoq klaviaturaning muayyan tugmalari uchun mas’ul bo‘ladi. Mashq davomida inson tugmalarning joylashuvini eslab qolishga va ularni ko‘z bilan qidirmasdan bosishga o‘rganadi.

 

Bu usulning maqsadi shunchaki barmoqlarni tez harakatlantirish emas. Asosiy vazifa — klaviaturadagi tugmalarni topish uchun sarflanadigan diqqatni kamaytirish va matn mazmuniga ko‘proq e’tibor qaratishdir.

 

Olimlar 74 nafar talaba ishtirokida tadqiqot oʼtkazgan.

 

2015-yilda “Research in Developmental Disabilities” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda 74 nafar talaba 14 ta mashg‘ulotda qatnashgan. Uch oydan keyin har ikki guruhda yozish tezligi sezilarli yaxshilangan, aniqlik esa 95 foizdan yuqori saqlangan.

 

Natijalar klaviaturada tez yozishni o‘rganishda muntazam mashq va vaqt muhimligini ko‘rsatadi.

 

Siz kuniga 15 daqiqa shug‘ullanib, tez yozish ko‘nikmasini oʻzingizda shakllantirishingiz mumkin:

 

Demak, mashqni nimadan boshlaymiz?

 

Quyida yangi boshlovchilar uchun 15 daqiqalik amaliy reja keltirilgan.

 

1–3-daqiqalar: barmoqlarni to‘g‘ri joylashtirish.

 

QWERTY klaviaturasida chap qo‘l barmoqlari odatda A, S, D, F, o‘ng qo‘l barmoqlari esa J, K, L va nuqtali vergul tugmalariga joylashtiriladi. F va J tugmalaridagi kichik bo‘rtmalar barmoqlarni ko‘z bilan qaramasdan joylashtirishga yordam beradi.

 

4–7-daqiqalar: harflar va so‘zlarni terish.

Avval sodda harf birikmalarini, keyin “kitob”, “maktab”, “ta’lim”, “internet” kabi tanish so‘zlarni terib ko‘ring. Asosiy maqsad — tezlikdan oldin to‘g‘ri harakatni shakllantirish.

 

8–12-daqiqalar: jumlalar bilan ishlash.

 

O‘zbek tilidagi qisqa jumlalarni tering. Bu usul nafaqat tugmalarni o‘zlashtirish, balki o‘zingiz ko‘p ishlatadigan tilda mashq qilish imkonini ham beradi.

 

13–15-daqiqalar: natijani tekshirish.

 

Bir daqiqalik test bajarib, tezlik va aniqlik ko‘rsatkichlarini qayd eting. Qaysi harflar yoki belgilarda ko‘proq xato qilayotganingizni aniqlang. Keyingi mashg‘ulotda shu nuqtalarga alohida e’tibor bering.

 

Qaysi platformalar yordam beradi?

 

Klaviaturada yozish mahoratini rivojlantirish uchun quyidagi onlayn resurslardan foydalanish mumkin:

 

Typing.com — https://www.typing.com/student/lessons. Barmoqlarni joylashtirishdan boshlab bosqichma-bosqich mashqlar va testlar taklif qiladi.

 

Monkeytype — https://monkeytype.com. Yozish tezligi va aniqligini tekshirish uchun mos. O‘zbekcha matnlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini amaldagi til sozlamalaridan tekshirish mumkin.

 

Xulosaviy fikr, klaviaturada tez yozish faqat barmoqlar harakati emas, balki raqamli muhitda samarali ishlashga yordam beruvchi ko‘nikma. Ilmiy tadqiqotlar maxsus mashg‘ulotlar orqali yozish tezligini yaxshilash mumkinligini ko‘rsatadi, ammo natijaga erishishda mashqning muntazamligi va aniqlikni saqlashimiz muhim.