Olimlar nima uchun ayrimlar matematikani oson, boshqalar esa qiyin o‘zlashtirishini aniqladi.
Matematik masalalarni yechish qobiliyati faqat formulalar va qoidalarni bilishga bog‘liq emas. Bunda tilni tushunish, so‘z boyligi, mantiqiy fikrlash va sonlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash ham muhim. Bunday xulosaga AQShdagi Texas A&M universiteti tadqiqotchilari keldi. Ular insonning fikrlash qobiliyatlari va matematik ko‘nikmalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan.
Phys.org nashrining yozishicha, olimlar matematika fanini o‘zlashtirishga qaysi aqliy qobiliyatlar ko‘proq ta’sir qilishini aniqlash uchun 122 ta turli test to‘plami natijalarini tahlil qilgan.
Tadqiqotda matematik bilim va ko‘nikmalarning bir nechta jihati, jumladan, hisoblash, masalalarni yechish va topshiriqlarni bajarish tezligi o‘rganilgan. Olimlar matematika bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan asosiy omillar sifatida tilni tushunish va moslashuvchan fikrlash qobiliyatini ajratib ko‘rsatgan.
Ushbu tadqiqot rahbari, pedagogik psixologiya kafedrasi dotsenti Deniel Gayovskiyning ta’kidlashicha, tilni tushunish faqat so‘zlarning ma’nosini bilishdan iborat emas. Bu, shuningdek, ma’lumotlarni tahlil qilish, mavjud bilimlardan foydalanish va xulosa chiqarish qobiliyatini ham anglatadi. Bunday ko‘nikmalar o‘qish va yozish bilan bir qatorda matematikani o‘zlashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Bu o‘qish uchun ham, yozish uchun ham muhim. Endi esa matematika uchun ham ahamiyatli ekanini ko‘ryapmiz, — degan u.
Yana bir muhim omil — moslashuvchan fikrlash, ya’ni oldingi tajriba yoki tayyor qoidalar bo‘lmagan vaziyatlarda ham mantiqiy xulosalar chiqara olish qobiliyati. Deniel Gayovskiyning tushuntirishicha, bu ko‘nikma muhim ma’lumotlarni ikkinchi darajali ma’lumotlardan ajratish va notanish vaziyatlarda yechim topishga yordam beradi.
Biroq fikrlash qobiliyatining o‘zi yetarli emas. Tadqiqotchilar sonlar haqidagi boshlang‘ich tushunchalar ham muhimligini ta’kidlaydi. Bunda sonlarning o‘zaro bog‘liqligini va matematik qonuniyatlarning qanday ishlashini tushunish nazarda tutiladi.
Olimlarning qayd etishicha, bu ko‘nikmalarni mashq qilish va ta’lim olish orqali rivojlantirish mumkin. Matematikaning yangi mavzulari avvalgi bilimlarga asoslangani uchun qiyinchilikka duch kelayotgan o‘quvchilarga o‘z vaqtida yordam berish juda muhim.
Tadqiqotchilar o‘qituvchilarga faqat o‘quvchilarning baholariga emas, balki ular yo‘l qo‘yadigan xatolarga ham e’tibor qaratishni tavsiya qiladi. Xatolarni tahlil qilish orqali qiyinchiliklar mavzuni tushunmaslik, til bilan bog‘liq muammolar, mantiqiy fikrlashdagi qiyinchiliklar yoki topshiriqlarni bajarish tezligining pastligi bilan bog‘liqligini aniqlash mumkin. Bu esa ta’limni har bir o‘quvchining ehtiyojiga moslashtirishga yordam beradi.
Avvalroq, 23 yoshli havaskor matematik yigit AI yordamida 60 yillik matematik masalani yechgani haqida xabar berilgandi.
