Daniyada maktab o‘qituvchilariga sinfxonada jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi

Daniyada maktab o‘qituvchilariga sinfxonada jismoniy kuch ishlatishga ruxsat beriladi

Daniyada maktablarda zo‘ravonlik holatlari ko‘payayotgani haqidagi shikoyatlar ortidan o‘qituvchilarga sinfxonalarda jismoniy kuch ishlatishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

 

Daniya hukumati tomonidan taklif etilgan islohotga ko‘ra, 2027-yil avgust oyidan boshlab o‘qituvchilar dars jarayonini buzayotgan o‘quvchilarni sinfxonadan olib chiqish uchun jismoniy kuch ishlatishi mumkin bo‘ladi. Bu o‘quvchini ushlab turish, bir joyda qolishini ta’minlash yoki uning xohishiga qarshi ravishda boshqa xonaga olib o‘tishni anglatadi.

 

The Telegraph’ning yozishicha, hozirda o‘qituvchilarga faqat o‘quvchi o‘ziga, boshqalarga yoki maktab mulkiga xavf tug‘dirgan taqdirdagina jismoniy kuch ishlatishga ruxsat berilgan.

 

Daniya Ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi o‘qituvchilar kasaba uyushmasining murojaatlaridan so‘ng tayyorlangan. Uyushma uzoq vaqtdan beri dars jarayonini buzadigan o‘quvchilar bilan ishlash tobora qiyinlashib borayotganini ta’kidlagan.

 

Qonun loyihasida jismoniy kuchdan faqat alohida holatlarda va vaziyatga mutanosib ravishda foydalanish mumkinligi belgilangan. Shuningdek, kuch ishlatilgan har bir holat haqida ota-onalar va kengash xabardor qilinishi kerak.

 

Ta’lim vaziri Magnus Heunicke bu bo‘yicha shunday degan:

 

Vaziyat keskinlashganda o‘qituvchilar qanday harakat qilishga haqli ekanini aniq bilishlari kerak. Zarur vaziyatda zo‘ravonlikka aralashgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishdan qo‘rqmasligi lozim.

 

Daniyada qariyb 60 yil davomida maktablarda jismoniy kuch ishlatish amalda taqiqlangan. Mamlakatda jismoniy jazolash 1967-yilda qonun bilan bekor qilingan.

 

Bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik kuchaymoqda

 

Daniyalik o‘qituvchilar, ayniqsa, kichik sinflarda bolalar o‘rtasidagi zo‘ravonlik holatlari ortib borayotganini aytmoqda. Ularning ta’kidlashicha, vaziyatga aralashgan taqdirda salbiy oqibatlarga duch kelishdan xavotirda.

 

Ta’lim vazirligi tomonidan joriy yil 1-oktyabr kuni e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2025-yilda sinflarning 55 foizida o‘quvchilar o‘rtasidagi jismoniy zo‘ravonlik kamida bir marta qayd etilgan. Ushbu sinflarning 36 foizida esa bunday hodisalar kamida oyiga bir marta sodir bo‘lgan.

 

Eng kichik yoshdagi, ya’ni 0–3-sinflarda jismoniy zo‘ravonlik 75 foiz sinfda kuzatilgan. 4–6-sinflarda bu ko‘rsatkich 59 foizni, 7–10-sinflarda esa 27 foizni tashkil etgan.

 

Tadqiqotga ko‘ra, zo‘ravonlik holatlarining aksariyati oz sonli o‘quvchilar bilan bog‘liq. Bunday hodisalar qayd etilgan sinflarning 60 foizida faqat bir yoki ikki nafar bola ishtirok etgani bildirilgan.

 

Shuningdek, tadqiqotda o‘quvchilarning etnik kelib chiqishi bilan zo‘ravonlik yoki tajovuzkor xatti-harakatlarning yuqori darajasi o‘rtasida umumiy bog‘liqlik aniqlanmagan.

 

O‘qituvchilar kasaba uyushmasi prezidenti Gordon Orskov Madsenning aytishicha, so‘nggi bir yil ichida har 3 nafar o‘qituvchidan biri salbiy oqibatlardan qo‘rqqani sababli sinfxonada tartibni tiklash uchun o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatishdan tiyilgan.

 

Qonun loyihasi dastlab o‘tgan yilning kuzida sobiq ta’lim vaziri Mattias Tesfaye tomonidan ishlab chiqilgan edi.

 

Maktablarda intizomni tiklash

 

Tesfaye maktablarda intizom va o‘qituvchilarning mavqeini tiklashni ustuvor vazifa deb bilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u farzandlarini noto‘g‘ri tarbiyalayotgan ota-onalarni tanqid qilib, ularning tarbiya usulini daniyacha qo‘pol ibora bilan ifodalagan.

 

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi jamoatchilik orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Avvalroq 500 dan ortiq ta’lim mutaxassisi va nodavlat tashkilotlar vakillari islohotga qarshi maqolani imzolagan.

 

Milliy bolalar huquqlari assotsiatsiyasi direktori Rasmus Kjeldahl ushbu islohot o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi ishonchni buzishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

 

Agar o‘qituvchilar politsiya xodimlaridek harakat qilsa, o‘quvchilar bilan ular o‘rtasidagi ishonch rishtalari uziladi, — degan u.

 

Ushbu qonun loyihasi Angliyadagi amaldagi qoidalarga o‘xshash. Angliyada o‘qituvchilarga darsdagi tartibsizliklarning oldini olish uchun oqilona darajada jismoniy kuch ishlatishga ruxsat berilgan, biroq bundan jazo chorasi sifatida foydalanish mumkin emas.

 

Maktab xodimlari o‘quvchilar yoki boshqa xodimlarning jarohatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik yoxud tartibni tiklash uchun zarur bo‘lgan eng yengil kuchni ishlatishi mumkin.

 

AQShning 15 ta shtatida esa jismoniy jazolashga hanuz ruxsat berilgan.

 

AQSh Ta’lim vazirligining fuqarolik huquqlari bo‘yicha ma’lumotlar to‘plamidagi eng so‘nggi statistikaga ko‘ra, 2021–2022-o‘quv yilida 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan 32 mingta jismoniy jazolash holati qayd etilgan. Bu har 2 ming nafar o‘quvchiga taxminan bitta qayd etilgan holat to‘g‘ri kelishini anglatadi.

 

NPR nashrining xabar berishicha, o‘sha o‘quv yilida jismoniy jazolash holatlari eng ko‘p Missisipi shtatida kuzatilgan.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning bir yil davomida maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va qo‘shimcha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.