Bolalarga zo‘ravonlik qilgan shaxslarning ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat yuritishiga cheklov kiritiladi

Bolalarga zo‘ravonlik qilgan shaxslarning ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat yuritishiga cheklov kiritiladi

Bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxslarning bir yil davomida maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va qo‘shimcha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Shuningdek, ta’lim tashkilotida bolani kamsitish yoki xo‘rlash uchun ma’muriy jarima belgilanadi.

 

“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator yangi tartiblar belgilandi.

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat aholisining 28 foizini, ya’ni 10,9 million nafarni bolalar tashkil etadi. Qonun bilan bolaning huquq va manfaatlarini ustuvor qo‘yish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish mexanizmlari kuchaytirilmoqda.

 

Bunda ta’lim tashkilotida bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, uni kamsitish yoki xo‘rlash uchun esa 440 ming so‘mdan 2,06 million so‘mgacha ma’muriy jarima belgilanadi.

 

Shuningdek, bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxsga bir yil davomida maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari hamda bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

 

Bundan tashqari, bolalarga oid jinoyat ishlarini sayyor sudlarda ko‘rish taqiqlanadi. Bolani farzandlikka berish yoki olish, shuningdek, vasiylik yoki homiylikka berishga oid arizalarda imzoning haqiqiyligini shahodatlash bo‘yicha murojaat qilinganda, notariuslar ma’lumotlarni “Inson” markazlariga taqdim etishi shart bo‘ladi.

 

Davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onani moddiy ahvolidan kelib chiqib aliment to‘lashdan ozod qilish amaliyoti bekor qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida qilingan zo‘ravonlik sabab 7 nafar xodim ishdan olinganligi haqida xabar bergan edik.