Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida qilingan zo‘ravonlik sabab 7 nafar xodim ishdan olindi

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida qilingan zo‘ravonlik sabab 7 nafar xodim ishdan olindi

Andijon viloyatidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazida tarbiyalanuvchilarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qilingani ma’lum bo‘ldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni o‘rganib, videolarda aks etgan 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshirani ishdan bo‘shatgan.

 

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazida tarbiyalanuvchilarga jismoniy zoʻravonlik qilingani haqida xabar tarqaldi.

 

Kun.uz’ning yozishicha, unga kelib tushgan videolarda markaz tarbiyalanuvchilariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingani, ayrim bolalar kaltaklangani va stolga bog‘lab qo‘yilgani aks etgan.

 

Videolarda ayrim tarbiyachilarning qo‘llarida kaltak bilan bolalarni nazorat qilayotgani, erkak xodim esa tarbiyalanuvchilardan birini uloqtirib yuborgan. Shuningdek, videolardan birida bolaning tarbiyachining yelkalarini uqalayotgani ko‘ringan.

 

Murojaatchining ta’kidlashicha, tarbiyalanuvchilardan biri texnik xodim tomonidan kuzatuv kameralari mavjud bo‘lmagan xonada kaltaklangan. Uning aytishicha, voqeani boshqa tarbiyalanuvchi ko‘rgan va bu haqda xodimlarga ishoralar orqali xabar berishga uringan.

 

Shuningdek, murojaatchi kaltaklangan bola ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborilganini, uning onasi markazga IIB xodimi bilan kelganida esa farzandini olib ketishiga va tibbiy ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat berilmaganini bildirgan. Ayolga bola markazdan butunlay olib ketilishi mumkinligi bilan tahdid qilingani ham aytilmoqda.

 

Biroq mazkur da’volar hozircha rasman tasdiqlanmagan. Murojaat muallifi voqeaga aloqador kuzatuv kameralaridagi yozuvlar o‘chirilganini ham ta’kidlagan.

 

Agentlik munosabati

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Agentlikning ma’lum qilishicha, hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida videolarda aks etgan 6 nafar tarbiyachi va 1 nafar hamshira egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingan.

 

Tarbiyachi xodimlarning faoliyatini yetarli darajada nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga nisbatan ham intizomiy choralar ko‘rilgan.

 

Bundan tashqari, “G‘amxo‘rlik” markazidagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonchalari atrofiga qo‘shimcha kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

 

Agentlik munosabatida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga huquqiy baho berilgani, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgani yoki jinoyat alomatlari bo‘yicha tekshiruv boshlanganiga oid ma’lumot keltirilmagan.

 

Avvalroq, Navoiyda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni urib tepgani, natijada bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.