Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan “Canva” kompaniyasi o‘rtasida grant kelishuvi imzolandi. Bu haqda vazir E’zoza Karimova ma’lum qildi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktab uchun Canva for Education platformasidan 3 yil davomida bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Canva — Avstraliyada asos solingan, bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida foydalanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasidir. Uning ta’lim sohasi uchun mo‘ljallangan maxsus talqini — Canva for Education — o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun moslashtirilgan minglab taqdimot shablonlari to‘plamini taqdim etadi.
Platforma o‘quvchilarga nima beradi?
- Kreativ tafakkurni rivojlantirish — minglab shablon va dizayn vositalari yordamida ijodiy fikrlash qobiliyatini oshirish;
- Taqdimot va infografika yaratish ko‘nikmasi — zamonaviy vizual materiallarni mustaqil va professional darajada tayyorlash;
- Sun’iy intellekt vositalari — ta’lim materiallarini SI yordamida tezkor hamda sifatli yaratish;
- Jamoaviy hamkorlik — loyihalar ustida bir vaqtning o‘zida onlayn tarzda guruh bo‘lib ishlash imkoniyati;
- Raqamli savodxonlik — bugungi raqamli dunyo uchun eng muhim ko‘nikmalarni egallash.
