Rossiyada ilk bor universitet sun’iy intellekt sabab diplom ishlarini bekor qildi. Endi talabalar nima topshiradi?

Rossiyada ilk bor universitet sun’iy intellekt sabab diplom ishlarini bekor qildi. Endi talabalar nima topshiradi?

Rossiyada ilk bor bir universitet sun’iy intellektning keng qo‘llanilishi sabab yurisprudensiya yo‘nalishida an’anaviy diplom ishlarini bekor qildi. Endilikda bitiruvchilar yozma ish o‘rniga amaliy huquqiy fikrlash va muammolarni hal etish ko‘nikmalarini namoyish etadi.

 

Rossiyaning Sochi shahridagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) instituti bakalavriatning yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari uchun an’anaviy diplom ishini bekor qilgan mamlakatdagi birinchi oliy ta’lim muassasasiga aylandi. Bu haqda institut Ilmiy kengashi qaroriga tayanib «КП—Кубань» nashri xabar berdi.

 

Yangi tartib 2024, 2025 va 2026-yillarda yurisprudensiya yo‘nalishiga qabul qilingan talabalarga tatbiq etiladi.

 

Oliygoh rahbariyati bu qarorni sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan izohladi. Ularning ta’kidlashicha, bugungi kunda neyrotarmoqlar bir necha daqiqada sud amaliyoti tahlili keltirilgan to‘liq diplom ishini yaratib bera oladi. Shu sababli diplom ishi endi talabaning haqiqiy bilim va tayyorgarlik darajasini aks ettirmay qolgan.

 

OTM direktori Aleksandr Petenkoning so‘zlariga ko‘ra, talabalarga qo‘yiladigan talab shunchaki yanada yuqorilagan.

 

Endi talabalar nima topshiradi?

 

Yangi tizimga ko‘ra, bitiruvchilar yozma diplom ishi o‘rniga huquqiy fikrlash qobiliyatini namoyish etishlari kerak bo‘ladi. Yuridik fakulteti dekani vazifasini bajaruvchi Yelena Legostayevaning aytishicha, talabalar:

 

  • noodatiy huquqiy vaziyatlarni tahlil qilish;
  • murakkab sharoitlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish;
  • nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalari bo‘yicha baholanadi.

 

Ayni damda boshqa universitetlar hali bu tajribani qo‘llamayapti.

 

Kuban davlat universitetida esa diplom ishlari bekor qilinmaydi. U yerda sun’iy intellektdan faqat texnik hisob-kitoblar yoki matnni tahrirlashda foydalanishga ruxsat beriladi. AI yaratgan matnlar aniqlansa, bu plagiat sifatida baholanadi.

 

Rossiyaning boshqa oliy ta’lim muassasalari ham hozircha Sochi instituti tajribasini joriy etmagan. Chunki amaldagi federal ta’lim standartlariga ko‘ra, diplom ishi va uni himoya qilish hali ham majburiy hisoblanadi. Shunga qaramay, bu masala ta’lim sohasi mutaxassislari orasida faol muhokama qilinmoqda.

 

Vazir: yozma diplom ishlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda

 

Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov yozma diplom va kurs ishlari endi bilimni baholash vazifasini to‘liq bajarmayotganini, kelajakda ular og‘zaki imtihonlar bilan almashtirilishi mumkinligini aytgan.

 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 3 yil ichida talabalar ishlarida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan matnlar ulushi 9 foizdan 42 foizgacha oshgan. Ayrim yo‘nalishlarda, jumladan IT va iqtisodiyot sohalarida esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan ham yuqori.

 

Rossiya Jamoatchilik palatasi kotibi o‘rinbosari Vladislav Gribning fikricha, sun’iy intellekt talabalarga diplom yozib bersa, o‘qituvchilar esa uni yana sun’iy intellekt yordamida tekshirsa, bu mutlaqo bema’ni holat.

 

AI ishlatgan talabalar qanday jazolanishi mumkin?

 

Rossiya qonunchiligida sun’iy intellektdan foydalanganlik uchun alohida jarima belgilanmagan. Ammo universitetlar quyidagi choralarni qo‘llashi mumkin:

 

  • diplom himoyasiga qo‘ymaslik;
  • himoyani keyingi yilga qoldirish;
  • talabani o‘qishdan chetlashtirish;
  • ayrim hollarda berilgan diplomni bekor qilish.

 

Ko‘plab universitetlar esa taqiqlash o‘rniga tekshiruv tizimlarini takomillashtirish yo‘lini tanlamoqda. Masalan, «Антиплагиат-ВУЗ» tizimiga sun’iy intellekt yozgan matnlarni aniqlovchi modul qo‘shilmoqda. Tizim matnning haddan tashqari silliq, mantiqan mukammal va bir xil uslubda yozilganini tahlil qilib, AI ulushini foizlarda ko‘rsatadi. Masalan, hisobotda “Sun’iy intellekt ulushi — 45%” («Доля ИИ: 45%») degan alohida band paydo bo‘ladi.

 

Biroq Rossiya Oliy sudi faqat “Antiplagiat” tizimi xulosasiga asoslanib talabani avtomatik ravishda jazolash yoki o‘qishdan chetlashtirish noqonuniy ekanini ta’kidladi. Endilikda bunday hisobot faqat o‘qituvchi uchun signal vazifasini bajaradi va yakuniy qaror qo‘lda tekshiruvdan so‘ng qabul qilinishi kerak.