Niderlandiya poytaxti Amsterdamda joylashgan tarixiy Konsertgebau (Concertgebouw) zalida noodatiy manzarani uchratish mumkin. Odatda tomoshabinlar bilan to‘ladigan bu maskanda endilikda talabalar noutbuk va daftarlarini ochgan holda dars qilmoqda. Sahnada esa professional musiqachilar klassik asarlarni ijro etmoqda.
Biroq bu konsertning maqsadi tomosha qilish emas. Aksincha, musiqa talabalarni chalg‘itmasdan, ularga diqqatni jamlash va samaraliroq o‘qishga yordam berishi uchun yangramoqda.
Mazkur loyiha Konsertgebau zalining “Entrée” yoshlar klubi tashabbusi hisoblanadi. U talabalarga qulay o‘quv muhiti yaratish bilan birga, yoshlarni klassik musiqa olamiga jalb etishni maqsad qilgan.
Konsertgebau zalining bosh direktori Simon Reyninkning aytishicha, loyiha yoshlarni tarixiy konsert zaliga olib kelishning samarali usullaridan biriga aylangan.
Bu yosh auditoriyani Konsertgebau zaliga jalb qilish usullaridan biridir. Bu yerda ilhomlantiruvchi muhit, ajoyib musiqa va o‘qish uchun juda qulay sharoit mavjud. Yoshlar shu orqali Konsertgebau bilan tanishadi va umid qilamizki, bu joy ularga yoqib qolib, yana qaytib kelishadi, — deydi u.
G‘oya ilk bor COVID-19 pandemiyasi davrida paydo bo‘lgan. O‘sha paytda Entree masofadan turib tahsil olayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni klassik musiqa bilan yaqindan tanishtirish yo‘llarini izlagan.
Bugunga kelib esa bu tashabbus katta qiziqish uyg‘otmoqda. Talabalar imtihonlarga tayyorlanish, kurs ishlari, diplom va dissertatsiyalarini yozish uchun muntazam ravishda bu mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
21 yoshli mehnat terapiyasi yo‘nalishi talabasi Kira Myulderning aytishicha, klassik musiqa ostida dars qilish kutilganidan ham samaraliroq bo‘lib chiqqan.
Bu muhit meni tinchlantiradi va vazifalarimga yaxshiroq e’tibor qaratishimga yordam beradi. Odatda klassik musiqa tinglamayman, shuning uchun bu men uchun yangi va qiziqarli tajriba bo‘ldi, — deydi talaba.
Neymegen shahridagi Radbaud universiteti tibbiyot markazining nevrolog professori Bas Blumning ta’kidlashicha, musiqa ayrim odamlarning diqqatini chalg‘itsa, boshqalarga aksincha, diqqatni jamlashga yordam beradi.
Menimcha, fon musiqasi tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishining sababi, u insonni “oqim holati”ga olib kiradi. Oqim holati — bu insonning ko‘nikmalari va duch kelayotgan vazifa murakkabligi o‘rtasidagi ideal muvozanatdir. Vazifa haddan tashqari qiyin ham, juda oson ham bo‘lmasligi kerak. Fon musiqasi shu holatga kirishga yordam beradi. Bu holatga kirgan inson uzoq vaqt davomida samarali ishlay oladi, — deydi professor.
Bunday mashg‘ulotlarda qatnashish uchun chipta narxi 2,5 yevroni tashkil etadi. Konsert zalida bepul Wi-Fi ham mavjud.
Talabalarning aytishicha, musiqa va muhit bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarish hamda diqqatni jamlashni ancha osonlashtiradi.
Tibbiyot talabasi Taymen Brukman shunday deydi:
Atrof juda sokin, yoqimli va baland bo‘lmagan musiqa yangrab turadi. Bu menga diqqatni jamlashga yordam beradi va ko‘p vazifani bir vaqtda bajarishda hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Shunday qilib, Amsterdamdagi ushbu loyiha klassik musiqa nafaqat madaniy hordiq chiqarish vositasi, balki o‘qish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkinligini namoyon etmoqda.


