Andijon viloyati, Andijon tumani 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-A sinf o‘quvchisi Zokirjonova Omina Zoxidjon qizi bir nechta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. O‘quvchi o‘zining 6 oylik tayyorgarlik jarayoni, tajribasi va kelajak rejalari haqida gapirib berdi.
U kelgusida Andijon davlat chet tillari institutining ingliz tili filologiyasiga topshirishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.
“9-sinfda ilk bor IELTS’ga topshirganman”
Ominaga ingliz tilidan sertifikat olish fikri 8-sinfda, grammatika o‘qiyotganida paydo bo‘lgan:
“8-sinfda ingliz tili grammatikasini o‘qib yurganimda paydo bo‘lgan. 9-sinfda esa birinchi marta imtihon topshirib ko‘rganman. Natija, biz kutganimizdek B2 (60 ball) bo‘lgan. Lekin, sertifikatning muddati tugashini inobatga olgan holda 10-sinfda yana ingliz tilidan topshirib, yangiladim”.
“Ona tilidan ham ikki marta imtihon topshirdim”
Sertifikatlar sohibasi ona tili bo‘yicha ham ikki marta imtihon topshirgan va oxirgi imtihon natijasi yaxshi bo‘lgan.
“Ona tilidan dastlab 1.5 oy o‘qib, tajriba va imtihon muhitini his qilish uchun milliy sertfikat imtihonini topshirdim va B(56 ball)ni qo‘lga kiritdim. Keyingi 4.5 oy davomida kursimni yakunlab, 2025-yil aprelda imtihon topshirib A(66 ball) oldim. Yozgi ta’tilda tarix o‘qiy boshladim. Dekabrda imtihon topshirib, A(66ball)ga erishdim”.
“Har bir fan uchun 6 oydan tayyorlandim”
Shuningdek, u har bir fandan 6 oydan tayyorgarlik ko‘rganini aytadi:
“Har bir fan uchun 6 oydan tayyorlandim, faqat matematika fanidan 2 oy vaqt ajratdim. Ochig‘i, matematika bizni biroz shoshirib qo‘ydi, oxirgi milliy sertfikat imtihoni fevralda bo‘lgani uchun matematikani faqat 2 oy o‘rgana oldim”.
“Manbalarim ko‘p edi: darsliklar, test to‘plamlari..”
Omina tayyorgarlik jarayonida qanday manbalardan foydalanganini quyidagicha ta’riflaydi:
“Ingliz tili — Grammar way 3, Gateway B2, IELTS 7+ (reading) kitoblaridan foydalandim va Englishdom o‘quv markazida o‘qidim.
Ona tili — asosan, bir manba asosida o‘qimagandim, lekin 6,8,10-sinf ona tili darsliklari va Umidjon Jurayev test to‘plamlaridan foydalanganman.
Tarix — 6–11-sinf darsliklari va diplomat jamoasining qo‘llanmalaridan o‘qidim.
Matematika — IDC kitoblari, va Rustambek Mambetsapayevning A+ 100 test kitobidan foydalandim. TIME 180 o‘quv markazida tayyorlandim”.
“Samarali usulim — vazifalarni qat’iy bajarish edi”
O‘quvchi o‘zining tayyorgarlik jarayonida samarali usulini quyidagicha ta’riflaydi:
“Vazifalarda – qat’iy bo‘lish. Ya’ni bugungi kun uchun ajratilgan topshiriqlarni tugatmasdan, kunimni yakunlamayman. Bu orqali hammasi izchil va aniq ketadi, vazifalar to‘planib, og‘irlashib ketmaydi”.
“Matematika imtihoni qiyinroq bo‘ldi”
U barcha fanlar o‘z kutganidan osonroq bo‘lganini, lekin matematika fanidan imtihonning qiyin bo‘lganini ta’kidlaydi:
“Matematikadan tashqari barcha fanlar biz kutgandan osonroq bo‘lgan. Lekin undan kamroq tayyorgarlik ko‘rganim uchun imtihonda biroz qiynalganman”.
“Uyqu rejimining buzilishi – tanish holat”
Omina tayyorgarlik davomida vaqtni boshqarish qiyin bo‘lganligini aytadi:
“Time management – bu biroz qiyinroq masala. Biror fandan sertifikatga tayyorlanishni boshlasam, odatda, 80% diqqatimni shunga qarataman. Bu, albatta, maktabdagi faolligimga ta’sir qilgan, lekin imtihon keyin hammasi iziga tushdi”.
Bundan tashqari, Omina tayyorgarlik vaqtida uyqu rejimining buzilishi haqida quyidagicha fikr bildirdi:
“Uyqu rejimining buzilishi tanish holat. Kurs boshida 6-7 soatlik uyqu rejimi asosida yashasam, imtihonga yaqin 3-4 soatga tushdi. Lekin bunday rejimni boshqa o‘quvchilarga tavsiya qilmagan bo‘lardim. Doimiy faollikni saqlash uchun kamida 5 soat uxlash zarur”.
“Psixologik tushkunlikni oilam bilan yengdim”
Tayyorgarlik davrida tushkunlikka tushgan paytlarida u oilasi davrasida o‘tkazishni afzal ko‘radi:
“Hamma fanlar boshida qiyin bo‘ladi. Dastlabki 2 oy men uchun og‘ir bo‘lgan. Bunda psixologik tushkunlik tabiiy, lekin oilam bilan vaqt o‘tkazish, ular bilan suhbatlashish kayfiyatimni ko‘tarardi”.
“Imtihon davomida oson savollardan boshlayman”
Imtihon davomida qanday yondashuvni qo‘llaganini quyidagicha tushuntiradi:
“Imtihonga kirgach, odatda, dastlabki 12 ta savol oson bo‘ladi, men doim shulardan boshlayman. Bundan tashqari, hozir topolmagan savolim uchun ortiqcha vaqt sarflamasdan keyingisiga o‘taman. Oxirida esa hamma bilgan savollarimni ishlab bo‘lgach, keyin ular ustida bosh qotiraman”.
“Telefonni o‘qishda foydali deb bilaman”
“Telefon – har doim ishimizni yengillashtirib kelgan, o‘qishda ham shunday. Turli ilovalar orqali akademik ko‘nikmalarni shakllantirish qiyin emas. Masalan, men tarixni o‘rganish jarayonida xaritani karta (Atlas) orqali emas, SETERRA ilovasidan o‘rgandim. Ijtimoiy tarmoqlarni haqida ham shunday deya olaman. KHAN academy kabi saytlar o‘rganuvchilar uchun juda ko‘p qulayliklar yaratgan. Matematikani o‘rganish davomida men ham Youtube’dagi EDUZONE kanali videodarsliklardan ko‘p marotaba foydalanganman”.
“Yaxshi ustoz bilan ishlash tezroq natija beradi”
Omina tengdoshlariga muvaffaqiyatga erishish uchun quyidagicha maslahat beradi:
“Avvalo, yaxshi ustoz topish kerak. Bu bilan siz to‘g‘ri tizimda harakatlanayotgan bo‘lasiz, yaxshi ustoz bilan ishlash tezroq natijaga olib boradi. Shuningdek, kursdan tashqari o‘sha fan doirasida bir kichik hobby boshlash kerak. Masalan, blog yuritish, millliy sertifikat savollariga o‘xshash mustaqil savollar tuzib ko‘rish ham ancha foyda beradi. Chunki bu savol tuzuvchi ekspertdek fikrlash, o‘rganilgan bilimlarni to‘liq ishlatishga olib boradi”.
“Maktablarda darslikni to‘liq o‘zlashtirish kerak”
U maktablarda darsliklar haqida shunday fikr bildiradi:
“Menimcha, o‘zgartirishga unchalik ehtiyoj yo‘q. Yangi formatdagi darsliklar o‘quvchini Milliy sertifikat tizimida o‘qitadi. Faqat bunda o‘quvchi darslikni to‘liq o‘zlashtirsa va o‘qituvchi bunda ko‘maklashsa, shu yetarli.”
Ominaning aytishicha, u ayni damda maktab fanlaridan tashqari ingliz tilidan ko‘nikmalari ustida ishlamoqda.
Ominani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Buxoro viloyati 33-maktabning 11-sinf o‘quvchisi To‘ymurodova Dilnoza Jamshid qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
