AQShdagi qator universitetlar sun’iy intellektning ta’lim jarayoniga ta’siri ortib borayotgani sababli baholash tizimini o‘zgartirmoqda. Endilikda ko‘plab professorlar yozma topshiriqlarning o‘rniga og‘zaki imtihonlarni joriy etmoqda.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt vositalari tufayli talabalar tomonidan topshirilayotgan yozma ishlar sifati keskin oshgan. Biroq, ayrim hollarda talabalar o‘zlari taqdim etgan ish mazmunini izohlab bera olmayapti.
Kornell universiteti professori Kris Shaffer o‘z darslarida “og‘zaki himoya” usulini joriy qilgan. Unga ko‘ra, bu yondashuv talabani materialni haqiqatan tushungan holda javob berishga majbur qiladi.
“Og‘zaki imtihonni sun’iy intellekt yordamida topshirib bo‘lmaydi”, — deydi u.
Pensilvaniya universiteti dotsenti Emili Hammer ham yozma ishlarni og‘zaki imtihonlar bilan birga o‘tkazishni boshlagan. Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad firibgarlikning oldini olish emas, balki, ularning ijodkorlik qobiliyatlarini saqlab qolish.
“Bu go‘yo biz firibgarlikning oldini olayotgandek ko‘rinadi. Ammo asl sabab bu emas. Muammo shundaki, talabalar ko‘nikmalarini, fikrlash qobiliyatini va ijodkorligini yo‘qotyapti”, — deydi u.
Pandemiya davrida va 2022-yilda ChatGPT paydo bo‘lganidan keyin og‘zaki imtihonlarga qiziqish keskin ortgan. Universitetlar bunday baholash usulini onlayn firibgarlikka qarshi samarali choralar sifatida baholamoqda.
Nyu-York universitetida esa og‘zaki baholashning zamonaviy shakllari ham sinovdan o‘tkazilmoqda.
Xususan, professor Panos Ipeirotis sun’iy intellekt yordamida ishlovchi og‘zaki imtihon tizimini joriy qilgan. Unda talabalar chatbot bilan suhbat orqali savollarga javob beradi.
“Biz talaba haqiqatan ham loyiha ustida ishlaganmi yoki hammasini sun’iy intellektga topshirganmi, shuni aniqlamoqchimiz”, — deydi u.
Shu bilan birga, ayrim talabalar bunday tizimni g‘alati va noqulay deb baholagan.
“Ushbu imtihonda go‘yoki bo‘sh ekran bilan gaplashayotgandek bo‘ldi”, — deydi talabalardan biri.
Biroq ko‘pchilik o‘qituvchilar fikricha, og‘zaki imtihonlar talabaning bilimini chuqurroq baholash imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, sun’iy intellekt yordamidagi og‘zaki imtihonlar hatto tortinchoq talabalar uchun ham foydali bo‘lib, ularning bilimini bevosita suhbat orqali ochib berishga xizmat qiladi.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti tomonidan talabalarning taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalaridan foydalanish darajasini oʻrganish maqsadida anonim soʻrovnoma oʻtkazilgan edi.
