Buxoro viloyati 33-maktabning 11-sinf o‘quvchisi To‘ymurodova Dilnoza Jamshid qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘ldi.
Dilnoza kimyo, biologiya va tarix fanlaridan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A+ hamda matematika fanidan esa C+ darajasini qo‘lga kiritgan.
U bolalikdan o‘z oldiga kelajakda malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygan. Shu sababli, u Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining davolash ishi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Dilnoza oliy ta’limga maksimal ball bilan kirishni maqsad qilgan va shu tufayli fanlardan milliy sertifikat olishni boshlagan.
“Orzu qilgan oliygohimga maksimal ball bilan kirish uchun sertifikatlar olishni boshladim”, — deydi u.
Uning aytishicha, matematika fanidan atigi 10 kun ichida tayyorlanganligi sababli dastlab biroz qo‘rquv va ishonchsizlik paydo bo‘lgan. Kimyo fanidan esa tayyorgarlik jarayoni qiziqarli kechganini ta’kidlaydi.
“Kimyo men yoqtirgan fan bo‘lgani uchun tayyorgarlik juda qiziqarli o‘tgan”, — deydi u.
Natijalar esa uning mehnatini oqlagan. Barcha fanlardan u o‘zi kutgan natijalarni qo‘lga kiritgan va imtihonlardan mamnun bo‘lgan.
“Barcha fanlardan imtihonlarda o‘zimdan ko‘nglim to‘lgan, natijalar ham kutganimdek bo‘ldi”, — deydi Dilnoza.
Uning fikricha, savollar murakkab tuyulmagan, chunki, barcha fanlarni qiziqish bilan o‘rgangan.
Tayyorgarlik jarayoni esa juda intensiv kechgan. U ertalab soat 4–5 dan kechki 22:00 gacha o‘qishga harakat qilgan. Bu yo‘lda maktab o‘qituvchilarining qo‘llab-quvvatlashi ham muhim rol o‘ynagan.
Dilnoza uchun eng samarali usul ko‘proq test ishlash va video darsliklaridan foydalanish bo‘lgan. Ayniqsa, tarix va matematika fanlarini repetitorsiz o‘rganganligi sababli, video darslar uning asosiy manbasi bo‘lib xizmat qilgan.
“Men uchun imtihonga tayyorlanishning eng qulay usuli ko’proq test ishlash va video darslardan foydalanishdir”, — deydi u.
Shuningdek, u imtihonlarga tayyorgarlik jarayonida psixologik jihatdan o‘zini barqaror saqlay olganini ta’kidlaydi. Tushkunlik va “uddalay olmayman” degan fikrlar deyarli bo‘lmagan.
“Psixologik bosim deyarli bo‘lmagan, chunki men o‘zimni doim maqsadimga yo‘naltirib bordim”, — deydi Dilnoza.
U maktab tizimi haqida ham o‘z fikrini bildiradi. O‘quvchilarni qiziqish va yo‘nalishiga qarab guruhlarga ajratib o‘qitish ta’lim sifatini yanada oshirishi mumkin deya hisoblaydi.
“Sertifikat olish qiyin yoki qo‘rqinchli emas. Buning uchun mehnat, ishtiyoq va to‘g‘ri muhit bo‘lsa kifoya”, — deya xulosa qiladi u.
Avvalroq, Toshkent shahridagi 216-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Madina Meliqo‘ziyeva Abduqahhor qizi muddatidan oldin 189 ballni to‘plaganligi haqida xabar bergan edik.
