6 oyda HSK 4, ikki yilda IELTS 6.5: kuniga 5–9 soat tayyorlangan andijonlik o‘quvchi tajribasi

6 oyda HSK 4, ikki yilda IELTS 6.5: kuniga 5–9 soat tayyorlangan andijonlik o‘quvchi tajribasi

Andijon viloyati, Jalaquduq tumani 19-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Arslanov Anvarbek ingliz tilidan IELTS 6.5 va xitoy tilidan HSK 4 darajadagi xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Anvarbekning aytishicha, u ingliz tilini 2023-yilda boshlagan va 2024-yil oxirida IELTS imtihonida ishtirok etib, undan 6.5 ball olishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng, u xitoy tilini o‘rganishga kirishadi va atigi 6 oy ichida HSK 4 darajasiga ega bo‘lgan. Bu natijalar ortida esa katta mehnat va qat’iy intizom yotadi.

 

“Kuniga 5–9 soatlik mehnat — muvaffaqiyat kaliti”

 

Anvarbek o‘z natijalariga tasodifan erishmaganini ta’kidlaydi. U IELTS sertifikatini qo‘lga kiritish uchun 2 yil davomida har kuni 5–6 soatdan muntazam shug‘ullangan.

 

“IELTS uchun 2 yil vaqt sarflaganman. Har kuni 5-6 soatdan dars qilardim. IELTS olganimdan keyin HSK olishga kirishdim. 6 oy davomida kuniga 8–9 soat shug‘ullandim,” — deydi u.

 

Bu esa uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga jiddiy yondashganini ko‘rsatadi.

 

“Xitoy ierogliflari — sabr va takror orqali yengiladi”

 

Xitoy tili — dunyodagi eng murakkab tillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ierogliflarni yodlash jarayoni katta sabr talab qiladi. Anvarbek bu borada o‘ziga xos usuldan foydalangan:

 

“Xitoy tilida ierogliflarni yodlashda, daftarning bir betiga 1 ta ierogliflarni 100-150 marta yozish uslubini qo‘lladim. Ingliz tili va xitoy tili grammatikasi o‘rtasida farq juda katta emas, lekin ingliz tili grammatikasi xitoy tili grammatikasiga nisbatan oson”.

 

Shuningdek, u xitoy tilidagi tinglab tushunish (listening) qismi ayniqsa qiyin bo‘lganini, chunki tilda 4 xil ton mavjudligini ta’kidlaydi.

 

“Xitoy tili listening’da eshitib tushunishga ko‘p qiynalganman. Chunki xitoy tilida 4 ta tonlar bo‘ladi. Uni eshitib anglash men uchun juda qiyin kechgan, lekin ko‘p eshitish orqali bu muammoni bartaraf qilganman. “IELTS listening” bilan “HSK listening” o‘rtasidagi asosiy farq bu – xitoy tilidagi tonlar”.

 

Shuningdek, o‘quvchining qo‘shimcha qilishicha: “HSK 4 imtihoniga tayyorlanishda 2.500 ta atrofida ieroglifni bilish talab qilinadi”.

 

Nazariya emas, amaliyot — til o‘rganishning eng muhim qismi

 

O‘quvchining fikricha, ko‘pchilik o‘quvchilar xitoy tilini o‘rganishda katta xatoga yo‘l qo‘yadi:

 

“Xitoy tili o‘rganuvchilarni eng katta xatosi – bu ular faqatgina ieroglif yodlashlari. Odatda, o‘rganayotganlar grammatikani mustahkamlashmaydi, dialoglarni o‘qib tarjima qilishmaydi. Natijada, ularni barcha olayotgan nazariy bilimlari esidan chiqadi”.

 

U esa bu xatodan qochish uchun doimiy ravishda dialoglarni o‘qib, grammatikani mustahkamlagan va xitoyliklar bilan suhbatlarga kirishgan. Aynan shu yondashuv unga qisqa muddatda natija olishiga yordam bergan.

 

Shuningdek, Anvarbek xitoy tilini o‘rganishda mobil ilovalardan foydalanganini bildirdi. Bularga: trainchinese, pleco va “hsk online test”lar kirgan.

 

Ikki til — ikki karra imkoniyat

 

Bugungi kunda Anvarbek ikki xalqaro tilni egallagan holda o‘z kelajagini quyidagicha tasavvur qilmoqda:

 

“Ikki tilda gaplasha olish kelajakda ko‘plab xalqaro imkoniyatlar eshigini ochadi. Mening maqsadim esa nufuzli oliygohlarga kirish”, – deydi u.

 

U hozirda IT sohasining sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha Xitoy va Saudiya Arabistoniga hujjat topshirgan.

 

“2026-yil yanvar oyida IT sohasining sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha Xitoyning Xinjiang provinsiyasidagi “Xinjiang University of Finance and Economics” universitetiga hamda Saudiyadagi “King Saud University”ga hujjat topshirganman. Ayni paytda hujjatlarim universitetlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Natijalari esa joriy yil may-iyun oyining oxiriga chiqishi kutilmoqda”.

 

“Grant yutish imkoniyatim yuqori deb hisoblayman”

 

Anvarbek o‘z bilim va imkoniyatlariga ishonishini bildirdi. U HSK 4 va IELTS 6.5 bilan Xitoy hukumatining CSC grantini qo‘lga kiritish imkoniyatini yuqori baholaydi:

 

“HSK 4 va IELTS 6.5 bilan Xitoy hukumatining CSC va boshqa universitetlariga to‘liq ya’ni 100% bo‘lgan grantlarini qo‘lga kiritishda o‘z imkoniyatlarimni juda yuqori darajada ko‘rmoqdaman”, – dedi u.

 

Uning aytishicha, har ikkala universitetga hujjat yuklash jarayoni biroz qiyinchilik tug‘dirgan.

 

“Agar men shu ikkala universitetga ham qabul qilinsam, tanlayotganimda uning o‘quvchilarga beriladigan amaliy va nazariy bilimlariga hamda universitet ichida barcha xalqaro talabalarga beriladigan imkoniyatlariga e’tibor beraman”.

 

“Maqsadlar – charchoqni yengdi”

 

Har qanday katta natija ortida sinovlar va qiyinchiliklar bo‘ladi. Mazkur sertifikatlar sohibi ham bu jarayonda charchagan paytlari bo‘lganini yashirmaydi:

 

“Ikkala sertifikatni olish jarayonida charchaganimda, kelajagim uchun bo‘lgan barcha niyat va maqsadlarimni o‘ylash orqali o‘zimni ruhlantirganman”.

 

O‘z tajribasidan kelib chiqib, u tengdoshlariga quyidagicha tavsiya beradi:

 

“Bir vaqtning o‘zida ikki tildan sertifikat olmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingizda kuchli intizomni shakllantirib, maqsadingizni aniq qilishingiz kerak. Shunda kutilgan natijaga erishish mumkin”

 

Hozirda Anvarbek o‘zi o‘rgangan bilimlarini boshqalarga ham ulashmoqda — u Andijondagi o‘quv markazlaridan birida xitoy tilidan dars bermoqda.

 

Anvarbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat qilab qolamiz!

 

Avvalroq, Toshkent viloyati Angren shahar 20-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Jumaboyeva Ziyoda IELTS 7.5 va SAT 1410 darajali xalqaro sertifikatlar sohibasiga aylangani haqida xabar bergan edik.