Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf oʻquvchisi Olimova Dilnur Obid qizi xalqaro IELTS imtihonidan 7.0 ballni qoʻlga kiritdi. Ushbu natija bilan u maktabda tengdoshlari orasida bunday natijani qayd etgan ilk o‘quvchi bo‘ldi.
IELTS imtihonining turli qismlaridan quyidagicha natija koʻrsatgan:
Listening — 8.0
Reading — 7.0
Writing — 6.0
Speaking — 7.5
Overall: 7.0 (C1)
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri ayrim savollarga javob oldi. Dilnur Olimova IELTS imtihoniga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklar va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— IELTS topshirish g‘oyasi qachondan paydo bo‘lgan?
IELTS olish fikri dastlab men uchun aziz bo‘lgan buvijonlarim — Barno buvim va Gulchehra buvim tufayli paydo bo‘lgan. Sababi, ular oliygohda birga tahsil olishgan, mutaxassisliklari fransuz tili. Ushbu maktab-internatga kelganimdan keyin ustozlarim ham bu fikrlarimni qo‘llab-quvvatlab, menga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. Ular meni IELTS imtihoniga qiziqtirishdi va bilimimni sinab ko‘rishimni tavsiya qilishdi.
— IELTS imtihoniga qancha vaqt tayyorlandingiz?
Dilnurning aytishicha, u IELTS imtihoniga 2025-yil oktyabr oyidan boshlab tayyorlangan.
IELTS imtihoniga 2025-yilning oktyabr oyidan boshlab tayyorlandim. Boshlang‘ich tushuncham yaxshi bo‘lganligi sababli deyarli 6 oy davomida yaxshi natijaga erishdim.
Bu davrda u har kuni ingliz tilini o‘rganish uchun aniq reja asosida ishlagan.
— Kunlik o‘quv rejimingiz qanday edi?
Men shunchaki ko‘p soat o‘tirmasdan vaqtimni uch qismga bo‘lganman:
Ertalab — miyaning eng faol vaqtida “Writing” va “Reading” kabi diqqat talab qiladigan bo‘limlar ustida ishlardim.
Kunduzi — “Listening” testlarini ishlash va lug‘at boyligimni oshirish bilan shug‘ullanardim.
Kechqurun — eng muhim qismi shu edi. Men shunchaki test yechib qo‘ymasdim, balki qilgan xatolarimni oxirigacha tahlil qilib, “Nima uchun bu javobni tanladim?” degan savolni o‘zimga berardim.
— Siz uchun eng qiyin bo‘lim qaysi bo‘ldi?
Men uchun eng qiyin bo‘lim “Writing” edi. Chunki bu bo‘limda shunchaki ingliz tilini bilish kifoya qilmaydi. Sizdan fikrlarni mantiqiy ketma-ketlikda ifodalash, akademik lug‘atdan foydalanish va eng muhimi — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash talab qilinadi.
— Qaysi manbalardan foydalandingiz?
Birinchi navbatda, mening natijamda ustozlarim Safarova Zuhra va Rashidova Mohichehraning hissasi juda katta. Ular menga IELTS imtihonining nozik jihatlari va har bir bo‘lim uchun kerakli strategiyalarni o‘rgatishdi. Ustozlarim bergan bilimlar bilan bir qatorda, IELTS Liz va IELTS Advantage kabi xalqaro platformalardan qo‘shimcha ma’lumotlar olib turdim. Albatta, Cambridge IELTS seriyasidagi rasmiy test kitoblari ustida muntazam ishladim.
— “Listening” va “Speaking” bo‘limlarida yuqori ball olish uchun qanday usullardan foydalandingiz?
Har kuni ingliz tilidagi podkastlar (masalan, 6 Minute English), YouTube videolar va TED nutqlarini tingladim. Bunda eng muhimi turli aksentlarni (Britaniya, Amerika, Avstraliya) tushunishga harakat qilish.
Speaking uchun esa, qo‘rquvni yengish va ravon gapirish muhim. Men ko‘p vaqtimni ko‘zgu oldida gapirish va ovozimni yozib qayta eshitishga sarfladim. Shuningdek, ustozim Rashidova Mohichehra bilan muntazam muloqot qilib, ulardan “feedback” olish nutqimni yaxshilashga yordam berdi.
— Listening testida yuqori ball olish siri nimada?
Listening testida yuqori ball olish siri — faqat quloq bilan emas, balki ko‘z va miya bilan ham ishlash. Eng asosiysi, diqqatni bir soniyaga ham yo‘qotmaslik. Agar bitta savolni o‘tkazib yuborsangiz, uni unutib, darhol keyingisiga o‘tish kerak.
— Tayyorlanish davomida motivatsiya pasaygan paytlar bo‘lganmi?
Albatta, bunday holatlar bo‘lgan. Ayniqsa, bir necha hafta davomida qattiq tayyorlanib, “mock-test” natijalari ko‘ngildagidek chiqmaganida o‘zimga bo‘lgan ishonchim pasayardi.
Shunda “Nega natijam o‘smayapti?” degan savol meni qiynardi. Men katta maqsad bilan birga kichik maqsadlar ham qo‘yardim. Masalan, bugun Writing’da bitta yaxshi gap tuzish yoki Listening’da 2 ta ko‘proq savolga to‘g‘ri javob berganim ham men uchun g‘alaba edi. Eng asosiysi, men “Nima uchun bu yo‘lni boshladim?” degan savolni o‘zimga berardim va kelajakdagi maqsadlarimni ko‘z oldimga keltirib, yana davom etardim.
— Sizningcha, IELTS imtihonida eng ko‘p uchraydigan xatolar qaysilar?
Ko‘p talabalar vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash yoki savol shartini diqqat bilan o‘qimaslik sababli xatoga yo‘l qo‘yishadi.
— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
Albatta, IELTS’dan Band 7 olishim – bu faqat boshlanishi. Mening asosiy maqsadim — dunyoning TOP universitetlaridan biriga to‘liq grant asosida qabul qilinish. Hozirda menda til sertifikati bor, shuning uchun keyingi bosqichda akademik natijalarimni yanada yaxshilash va ijtimoiy loyihalarda qatnashishni rejalashtirganman.
— IELTS topshirmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga qanday maslahat berasiz?
O‘z ustingizda ishlash juda muhim, ammo to‘g‘ri yo‘nalish beradigan ustoz bo‘lmasa, vaqt yo‘qotish mumkin. Men o‘z natijam uchun ustozlarimdan juda minnatdorman. Ular menga to‘g‘ri strategiyani o‘rgatishdi va bu natijaga erishishimga katta yordam berishdi.
Dilnurni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 7.5 va SAT 1410 darajali xalqaro sertifikatlar sohibasi 11-sinf oʻquvchisi Jumaboyeva Ziyoda bilan suhbatlashgan edik.
