Xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomasining B2 sertifikatisiz bekor qilinishi masalasida yuridik izoh berildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy til o‘qituvchilarining B2 darajadagi til sertifikati bo‘lmagani uchun ularning mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkinligi haqida fikrlar keng muhokama qilinmoqda. Ushbu masalaga nisbatan «Yurist maslahati» huquqiy sahifasida tahliliy yondashuv bildirildi.
Ushbu fikrlarda ta’kidlanishicha, xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lish majburiyati Prezidentning 2019-yildagi PF-5712-son farmoni hamda 2023-yildagi 312-son qarorida belgilangan bo‘lsa-da, bu mehnat shartnomasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilishga asos bo‘la olmaydi. Sababi, o‘qituvchining malakasi yetarli yoki yetarli emasligini aniqlovchi asosiy mezon — bu attestatsiya natijalaridir.
Mehnat kodeksining 161-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 572-son qaroriga asosan, faqat attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchilarning mehnat shartnomasi malaka yetishmovchiligi sababli bekor qilinishi mumkin. Sertifikat esa pedagogning qo‘shimcha malakasi sifatida baholanadi.
Shuningdek, fikrda keltirilishicha, B2 talabini faqat xorijiy til o‘qituvchilariga qo‘llash, boshqa fan o‘qituvchilari uchun bunday talabning mavjud emasligi Mehnat kodeksining 4-moddasiga zid holat — ya’ni mehnat sohasida kamsitish bo‘lishi mumkin.
Xulosa sifatida, sahifa muallifi ushbu masalada o‘z yuridik tahlilini bildirgan va hozircha tegishli vazirliklardan rasmiy munosabat kutilayotganini ma’lum qilgan.
