Joriy yil 25-fevral kuni respublikaning barcha hududlarida Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olish uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
2025-yil uchun ajratilgan 1500 ta kvotalar uchun 27 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatga olingan 4499 nafar nomzodning 4434 nafari test sinovlarida ishtirok etgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa ushbu test sinovlaridan keyingi bosqichga o‘tgan (80 va undan yuqori ball olgan)larning dastlabki umumiy soni – 988 nafarni tashkil etganini ma’lum qilgan edi.
Shundan kelib chiqadiki, 2025-yil uchun ajratilgan kvota bu yil ham to‘lmagan, jami 512 ta joy bo‘sh qolgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, 2023-yilda vazir ustamasi uchun kvota 2000 nafar etib belgilab, ulardan 1697 nafari vazir ustamasiga tavsiya qilingan. 2024-yilda esa ushbu kvota 1250 nafar etib belgilandi, ulardan 1005 nafarigina vazir ustamasiga tavsiya qilingan.
Ammo 2023-yilda ham, 2024-yilda ham vazir ustamasi uchun kvotalar soni to‘lmay qolgan bo‘lsa-da, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ushbu kvotalarning o‘rnini to‘ldirish uchun harakat qilinmagan.
Lekin Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazir jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom”ning 6-bobida har oylik ustama va bir martalik pul mukofoti uchun ajratilgan kvotalar asosida nomzodlar saralanmay qolik mukofot va ustama oluvchi shaxslar soni kvotadan kam bo‘lgan taqdirda, Ishchi guruhining tegishli qaroriga muvofiq kvotalarni qayta ko‘rib chiqish vakolati bilan qo‘shimcha saralash o‘tkazilishiga ruxsat berilgan.
Bu yil vazir ustamasi uchun bo‘sh qolgan kvotalar o‘rnini qoplash uchun qayta test sinovlari o‘tkaziladimi?
28-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati ishtirokida AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu kvotalarni to‘ldirish uchun qayta test sinovi o‘tkaziladimi, degan savolga vazir o‘rinbosari Sardor Radjabovga quyidagicha javob berdi:
“Demak, 1 500 ta kvota ajratilgan, oldingi yillarda ham shunday holat bor edi. “425”ga ham o‘zgartirishlar kiritilganligining asosiy sababi shu edi. Bizga kelayotgan nomzodlar, tavsiya bilan kelayotgan nomzodlar kerakli ballni to‘play olmayapti.
Hozirgi, amaldagi tartib bo‘yicha, agar shu tartib bo‘yicha ish ko‘radigan bo‘lsak, biz yana bir marta hududiy kengashlardan nomzodlar ro‘yxatini olib, hududiy kengash komissiyalari ishlab, yana boshqattan ustozlarni bizga berish kerak bo‘ladi. Shundan keyin biz yana bir marta ulardan test o‘tkazishimiz mumkin edi.
Lekin aytib o‘tganimizdek, hozir o‘zgartirish, qo‘shimcha kiritildi va nizom o‘sha imzolangan kundan keyin kuchga kiradi, siz o‘zingiz bilasiz buni, yuridik nuqtayi nazardan.
Shu sababli ham hozir toifaga bog‘landi va siz aytayotgan raqamlar bo‘yicha e’tirozlar va apellyatsiya komissiyasi xulosasiga hali chiqmagan. Bu borada hali apellyatsiya komissiyasi xulosasini ham ko‘rib chiqamiz. Shundan so‘ng, ikkinchi bosqichga o‘tiladi.
Bu degani, aytib o‘tilgan o‘qituvchilarning hammasi ham vazir ustamasini oladi degani emas. Chunki ikkinchi bosqichda ularni yana bir sinov kutmoqda, ya’ni ularni komissiya oldida taqdimotlari ham bor».
Vazir o‘rinbosarining javobidan shuni tushunish mumkin: vazir ustamasi uchun to‘lmay qolgan kvotalarga qayta test sinovi o‘tkazilmaydi.
Attestatsiya va Vazir jamgʻarmasiga oid namunaviy testlarni quyidagi botlar yordamida bepul bajarishingiz mumkin:
O’zbek tilida: https://t.me/uztditestbot
Rus tilida: https://t.me/uztditest_rusbot
Qoraqalpoq tilida: https://t.me/uztdi_qrtestbot
