Ertaga 2026-2027-o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjat topshirish yakunlanadi

Ertaga 2026-2027-o‘quv yili uchun Prezident maktablariga hujjat topshirish yakunlanadi

Ertaga, 14-iyun kuni Prezident maktablariga 2026–2027-o‘quv yili uchun hujjat topshirishning oxirgi kuni. Nomzodlar arizalarni my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali topshirishlari mumkin.

 

Xabaringiz bor, 25-maydan boshlab Prezident maktablariga 2026–2027-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli boshlangan edi. Hujjatlar qabuli ertaga, 14-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

 

Arizalarni onlayn shaklda my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali topshirish mumkin.

 

Prezident maktablariga 4-sinfni tugatgan oʻquvchilar 5-sinfga qabul qilinadi.

 

Prezident maktablariga qanday hujjatlar talab etiladi?

 

Prezident maktablariga ariza topshirish uchun o‘quvchilarning:

 

– oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;

 

–  tug‘ilganlik haqida guvohnomasi (ya’ni metrikasi);

 

–  tegishli oʻquv yili natijalariga koʻra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi yoki QR-kod bilan tasdiqlangan elektron tabel;

 

–  ota-onasi (qonuniy vakili)ning fuqarolik pasporti ma’lumotlari;

 

–  bog‘lanish uchun telefon raqamlari talab qilinadi.

 

Muhim! Prezident maktablarida o’qimoqchi bo’lgan o’quvchilarning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari “5” (aʼlo) boʻlishi lozim.

 

Avvalroq, Prezident maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.