Prezident va ijod maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkaziladi?

Prezident va ijod maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkaziladi?

Prezident va ijod maktablariga hujjat qabul qilish jarayoni davom etmoqda. Nomzodlar uchun kirish imtihonlari bir necha bosqichda tashkil etilib, fanlar va baholash tartibi maktab turiga qarab farqlanadi.

 

Xabaringiz bor, 15-maydan ijod maktablariga, 25-maydan boshlab esa Prezident maktablariga hujjatlarni qabul qilish boshlangan.

 

Ijod maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkaziladi?

 

Ijod maktablariga kirish imtihonlari 7-sinflar uchun quyidagi uch bosqichda oʻtkaziladi:

 

— birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish;

 

— ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat;

 

— uchinchi bosqich — ona tili va adabiyoti (20 ta topshiriq), ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan hamda intellektual qobiliyat darajasi boʻyicha (15 ta topshiriq) jami 50 ta topshiriqdan iborat test sinovlari shaklida oʻtkaziladi (Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi bundan mustasno).

 

Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi uchun kirish imtihonlari:

 

— birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish;

 

— ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat;

 

— uchinchi bosqich — ingliz tili (20 ta topshiriq), ona tili va adabiyoti (15 ta topshiriq) fanlaridan hamda intellektual qobiliyat darajasi boʻyicha (15 ta topshiriq) jami 50 ta topshiriqdan iborat test sinovlari shaklida oʻtkaziladi.

 

Prezident maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkaziladi?

 

Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda quyidagi fanlardan oʻtkaziladi:

 

Birinchi bosqich — matematika fanidan (jami 30 ta topshiriq) test shaklida oʻtkaziladi.

 

Masalalar murakkablik darajasiga qarab uch toifaga boʻlinadi:

 

— 10 ta yengil darajadagi savollar (A toifasi);

 

— 10 ta oʻrtacha darajadagi savollar (B toifasi);

 

— 10 ta murakkab darajadagi savollar (C toifasi).

 

Birinchi bosqich saralash imtihoni natijasiga koʻra qabul kvotasida belgilangan (24 ta o‘rin) har bir oʻringa 20 nafar hisobidan (har bir maktabda jami 480 nafar) maksimal ball toʻplab, saralangan oʻquvchilarga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.

 

Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida oʻtkaziladi:

 

— matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish boʻyicha 40 ta test;

 

— ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) boʻyicha 40 ta test savoli.

 

Avvalroq, Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qanday tartibda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.