Endi o’qishni ko’chirishda ham milliy va xalqaro sertifikatlar amal qiladi

Endi o’qishni ko’chirishda ham milliy va xalqaro sertifikatlar amal qiladi

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat universitetlariga o‘qishni ko‘chirish tartibi yangilandi. Endilikda chet tili va umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi, arizalar esa har yili 15 iyuldan 5 avgustgacha qabul qilinadi.

 

Xabar berganimizdek, Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga asosan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xorijiy va nodavlat universitetidan davlat oliygohlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda chet tili va umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabalarga tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berishni yo‘lga qo‘yadi.

 

Shunindek, talabgorlar Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 13 sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar (shu kuni ham) davlat xizmatidan foydalanish uchun YAIDXP yoki maxsus platforma yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ariza beradi.

 

Ariza beruvchi ariza topshirish muddatlari yakunlangunga qadar rad etilgan arizalarini qayta yuborishi mumkin. Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmagani, so‘rovnomada noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangani yoki belgilangan miqdordagi to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagani arizani rad etish uchun asos hisoblanadi.