Ba’zan muvaffaqiyat shov-shuvli voqealar bilan emas, insonning o‘zi bilan o‘zi olib borgan kurashi bilan yaratiladi. Bir qarashda oddiy ko‘ringan kunlar, uyqudan kechilgan tunlar, yechilgan minglab testlar va hech kim ko‘rmagan mehnatlar oxir-oqibat katta natijaga aylanadi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 2-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchisi Xudoyorov Dilxush Choriyor o‘g‘li bir nechta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan avval 189 ballni naqd qildi.
Bugun u matematika fanidan A+, ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan B hamda o‘zbek tili va adabiyot fanidan C+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Dilxushning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi dastlab ustozlari tomonidan taklif qilingan. O‘sha paytda bu oddiy tavsiya bo‘lib tuyulgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan u maqsadga aylangan.
Yillar davom etgan tayyorgarlik
Dilxush ingliz tilini 4 yil davomida o‘rgangan. Matematika faniga esa 3 yil vaqt sarflagan. Tarix hamda ona tili va adabiyot fanlaridan sertifikat olishda maktabda olgan bilimlari rol o‘ynagan.
Bu natijalarda maktab ustozlarimning hissasi katta. Tarix va ona tili fanlarida aynan maktabdagi bilimlarim menga yordam berdi, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayonida Asliddin o‘quv markazi tomonidan tayyorlangan o‘quv materiallari ham uning bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Bitiruvchi o‘z muvaffaqiyatining asosiy sabablaridan biri sifatida aynan telefondan uzoqlashishni ko‘rsatadi.
Har safar sertifikat topshirish oldidan telefonimdan juda kam foydalanardim. Menimcha, telefondan voz kechish eng samarali usullardan biri. Ayniqsa, Instagram ham kuldiradi, ham tushkunlikka tushiradi. Muhimi, undan qanday foydalanish. Men esa tayyorgarlik davrida undan uzoqlashishni ma’qul ko‘rganman, — deydi u.
Tonggacha davom etgan mehnat
Dilxushning aytishicha, haftaning deyarli barcha kunlari dars va mashg‘ulotlar bilan o‘tgan. Yakshanba kuni esa atigi uch-to‘rt soatgina bo‘sh vaqt topa olgan.
Bu davr juda mashaqqatli o‘tdi. Haftada faqat yakshanba kuni 3-4 soat bo‘sh qolardim, ungacha faqat dars edi. Kechqurungi 10 dan ertalab 4 gacha dars qilgan kunlarim ham bo‘lgan. Uyqu rejim buzilgandi, to‘yib uxlolmasdim, lekin ming shukur natijasi go‘zal bo‘ldi, — deydi u.
Uning fikricha, yuqori natijaga erishish uchun faqat oson savollar bilan cheklanib qolmaslik kerak.
Ayni paytda Dilxush nafaqat o‘quvchi, balki yosh avlodga bilim ulashayotgan inson hamdir. Hozirda u o‘quv markazida yordamchi-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
O‘quvchilar bilan ishlash juda maroqli. Ularning yangi narsalarni o‘rganayotganini ko‘rish menga ham motivatsiya beradi.
Dilxushni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Farg‘onada 15 yoshli o‘quvchi bir nechta sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
