BBC nashrining xabar berishicha, Buyuk Britaniyadagi Nottingem universiteti talabalari va bitiruvchilariga oid katta hajmdagi shaxsiy ma’lumotlar kiberhujumga uchragan.
Buyuk Britaniyadagi Nottingem universiteti ma’lumotiga ko‘ra, taniqli kiberjinoyatchilar guruhi amaldagi talabalar va bitiruvchilarga oid ma’lumotlarni saqlovchi elektron tizimga noqonuniy ravishda kirishga muvaffaq bo‘lgan. O‘g‘irlangan ma’lumotlar orasida moliyaviy ma’lumotlar ham borligi taxmin qilinmoqda.
BBC tanishgan elektron xatda universitetning Boshqaruv va xavflarni nazorat qilish bo‘yicha rahbari Jeyson Karter ushbu hujum ortida ilgari ham ko‘plab tashkilotlarga hujum uyushtirgan kiberjinoyatchilar guruhi turgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Universitet hodisa sabab xavotirga tushgan barcha talabalar va bitiruvchilardan uzr so‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, universitet joriy yilning 9-iyun kuni talabalar ma’lumotlarini boshqarish tizimida ruxsatsiz kirish holatini aniqlagan. Shundan so‘ng zarar ko‘rgan barcha talabalar va bitiruvchilar bilan bog‘lanilgan.
Qanday ma’lumotlar o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin?
Universitet vakillari hozirda hujumchilar aynan qaysi ma’lumotlarni qo‘lga kiritganini aniqlash ustida ishlayotganini bildirdi.
Jeyson Karterning aytishicha, hujum aniqlangach, zararni cheklash maqsadida tegishli tizimlar darhol vaqtincha o‘chirib qo‘yilgan va keng qamrovli tekshiruv boshlangan.
O‘g‘irlangan ma’lumotlarning aniq hajmini aniqlash ustida ishlayapmiz. Tekshiruv yakunlariga qarab qo‘shimcha ma’lumot beramiz, — degan u.
Hozircha ehtiyot chorasi sifatida quyidagi ma’lumotlar o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkin deb hisoblanmoqda:
- ism-sharif, elektron pochta manzili va yashash manzili;
- ta’lim jarayoniga oid ma’lumotlar, jumladan talaba yoki xodim identifikatsiya raqami;
- moliyaviy ma’lumotlar;
- milliy sug‘urta raqami va boshqa himoyalangan shaxsiy ma’lumotlar.
Universitet firibgarlikka qarshi kurashuvchi davlat tashkilotlari, Axborot komissari idorasi va boshqa nazorat organlari bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qilgan.
Hodisa moliyaviy muammolar fonida yuz berdi
Qayd etilishicha, mazkur kiberhujum universitet rahbariyati 2 700 nafar xodim ish o‘rnini yo‘qotishi mumkinligi haqida ogohlantirganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Bu universitetdagi barcha xodimlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Universitet ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar va moliyaviy qiyinchiliklar sabab yaqin 3 yil ichida 609 ta ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Bunga javoban universitet xodimlari talabalar ishlarini tekshirish va baholash jarayonlarini to‘xtatishni boshlagan.
Kasaba uyushmasi vakillarining ta’kidlashicha, bu holat bitiruvchilarga diplom berish jarayonini amalda izdan chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.
