Kimyo faniga uch yil, biologiyaga ikki yil sarflangan mehnat o‘z samarasini berdi. Angrenlik bitiruvchi Laziza Risbekova 5 ta milliy sertifikatni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Toshkent viloyati Angren shahridagi 20-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Risbekova Laziza Sobirjon qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik imkoniyatiga ega bo‘ldi. U biologiya va kimyo fanlaridan A+, matematika, o‘zbek tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan B darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Yosh bitiruvchi kelajakda Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olib, malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.
Tibbiyot orzusi sertifikatlar sari yetakladi
Lazizaning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi bir necha yil oldin paydo bo‘lgan. Tibbiyot yo‘nalishiga kirish uchun kuchli bilim va jiddiy tayyorgarlik zarurligini anglagach, u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan.
Kelajakda yaxshi shifokor bo‘lishni xohlayman. Shu sababli maktab davridayoq o‘zim ustimda ko‘proq ishlashga harakat qildim. Sertifikatlar esa bu yo‘ldagi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi, — deydi u.
U eng ko‘p vaqtini kimyo va biologiya fanlariga sarflagan. U kimyo fanidan 3 yil, biologiyadan esa 2 yil davomida muntazam tayyorgarlik ko‘rgan.
Tarix faniga 6 oy, matematikaga 2 oy, ona tili va adabiyot faniga esa ikki hafta vaqt ajratgan.
Har bir fan uchun alohida reja tuzishga harakat qilganman. Qaysi fan ko‘proq e’tibor talab qilsa, o‘sha yo‘nalishda ko‘proq ishlaganman. Tayyorgarlik davomida darsliklardan, repetitor darslaridan va test to‘plamlaridan foydalandim. Ayniqsa, ko‘p test ishlash va xatolarni tahlil qilish menga juda yordam berdi, — deydi bitiruvchi.
Muvaffaqiyat siri — muntazamlik
Men uchun eng samarali usul har kuni dars qilish bo‘lgan. Ba’zan ozroq o‘qisam ham, kunni darssiz o‘tkazmaslikka harakat qilganman. Bundan tashqari, vaqt belgilab test ishlash ham tezlik va diqqatni oshiradi.
Yuqori natijalarga qaramay, imtihonda ayrim savollar kutganidan murakkabroq bo‘lgan. Lekin oldindan turli darajadagi testlarni ishlagani uchun imtihonda o‘zini ishonchgan.
Uning fikricha, faqat bilim emas, imtihon muhiti va vaqt bilan ishlash ko‘nikmasi ham katta ahamiyatga ega.
Maktab va tayyorgarlikni birga olib borish
Maktabdagi darslar bilan sertifikatlarga tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish boshida ancha qiyin bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan Laziza kunlik reja tuzish va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgangan.
Bo‘sh vaqtlarni ham imkon qadar foydali o‘tkazishga harakat qilardim. Reja asosida ishlash ko‘p narsani yengillashtiradi, — deydi u.
Har qanday katta natija ortida qiyinchiliklar ham bo‘ladi. Ayrim testlardan kutilgan natija chiqmaganda Laziza ham tushkunlikka tushgan paytlarini eslaydi.
Ba’zan natijalar kutganimdek bo‘lmasdi. Shunday paytlarda insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi biroz pasayadi. Lekin maqsadimni eslab, o‘zimga qisqa dam berib, keyin yana davom etganman. Psixologik tayyorgarlik ham juda muhim. Shu bilan birga, telefon ko‘p vaqtni olishi mumkin, shuning uchun ma’lum cheklovlar qo‘yishga harakat qilganman. Lekin telefonni faqat zararli deb hisoblamayman. U orqali foydali darslar va testlardan ham foydalanish mumkin, — deydi u.
“Sabr va muntazamlik muvaffaqiyatga olib keladi”
Laziza milliy sertifikat olishni istagan o‘quvchilarga eng avvalo sabrli bo‘lishni tavsiya qiladi.
Natija har doim ham darrov ko‘rinmaydi. Lekin har kuni qilingan mehnat bir kun albatta o‘z samarasini beradi. Muhimi, yo‘lda to‘xtab qolmaslik kerak.
Shuningdek, u maktablarda ko‘proq imtihon muhiti yaratilishi, o‘quvchilarga vaqtni boshqarish va test strategiyalari ham o‘rgatilishi kerakligini ta’kidlaydi.
Hozirda bo‘lg‘usi talaba ingliz tilini o‘rganish va kelajakdagi maqsadlari uchun yangi rejalar ustida ishlashda davom etmoqda.
Lazizani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, ingliz tili filologiyasida o‘qishni maqsad qilgan qashqadaryolik abituriyent qiz bilan suhbatlashgan edik.
