Navoiy viloyatida 6 yoshli bola “Damas” avtomobilini boshqargani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan avtomobil boshqaruvini voyaga yetmagan shaxsga bergan otaga nisbatan qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilgan.
Navoiy viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan voyaga yetmaganlarning transport vositalarini boshqarishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida 40 ta holat qayd etilgan.
Aniqlangan holatlardan birida Karmana tumanida yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli “Damas” rusumli avtomobilni 6 yoshli o‘g‘lining iltimosiga ko‘ra unga boshqarish uchun ishonib topshirgani aniqlangan.
Mazkur holat natijasida transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilib, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv davomida haydovchining shaxsi aniqlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, fuqaro bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, bunday holatlarning og‘ir oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik.
