TDYU abituriyentlari diqqatiga: IQ testidan o‘ta olmaganlar yurisprudensiya yo‘nalishiga hujjat topshira oladimi?

TDYU abituriyentlari diqqatiga: IQ testidan o‘ta olmaganlar yurisprudensiya yo‘nalishiga hujjat topshira oladimi?

Toshkent davlat yuridik universitetida yangi tashkil etilgan Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik hamda Raqamli huquq yo‘nalishlariga qabulning yangi tartibi joriy etildi. Ushbu yo‘nalishlarda tahsil olish istagidagi abituriyentlar xalqaro standartlar asosidagi IQ testdan o‘tadi, biroq saralashdan o‘ta olmaganlar boshqa huquq yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etish imkoniyatini yo‘qotmaydi.

 

Prezidentning 2025-yilning 27-noyabrida qabul qilingan 232-son farmoniga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universitetida yangi tashkil etilgan Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik va Raqamli huquq yo‘nalishlariga qabul jarayonida xalqaro standartlar asosida IQ (intellektual darajani aniqlash) test topshiriladi.

 

Bunda, abituriyentlar quyidagi tartibga alohida e’tibor qaratishlari lozim:

 

– ro‘yxatdan o‘tish davomida abituriyent huquq va chet tili fanlar majmuasini tanlaganida, tizim tomonidan yuqoridagi 2 ta yangi yo‘nalish uchun IQ testda qatnashish istagini bildiruvchi maxsus xabarnoma ochiladi;

 

– ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun abituriyentdan chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga mos bo‘lgan xalqaro sertifikat talab etiladi;

 

– agar abituriyent IQ test sinovlaridan o‘ta olmasa, u huquq va chet tili fanlar majmuasi mavjud bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarga, maslan, yurisprudensiya yo‘nalishiga tanlovning ikkinchi bosqichida tanlovda ishtirok etishi mumkin.

 

Ya’ni, IQ testidan o‘ta olmaslik sizning yuridik ta’lim olish imkoniyatingizni cheklamaydi. Bu test faqat yangi tashkil etilgan ikki yo‘nalish uchun qo‘shimcha saralash bosqichi hisoblanadi.

 

Avvalroq, bir haftada qariyb 100 ming nafar abituriyent OTM va texnikumlarga roʻyxatdan oʻtgani haqida xabar bergan edik.