Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan oliy ta’limga qabul qilish tartibidagi muhim cheklov bekor qilindi. Endilikda kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar qayta bakalavr bosqichiga hujjat topshirganda davlat granti o‘rinlari uchun ham tanlovda qatnashishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 299-son qarori bilan oliy ta’limga qabul qilish tartibiga muhim o‘zgartirish kiritildi.
Avval amaldagi tartibga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talaba qayta bakalavr bosqichiga 1-kursdan o‘qish uchun hujjat topshirganda davlat grantiga da’vogarlik qila olmas edi. Bu cheklov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 48-bandi ikkinchi xatboshisida belgilangan edi.
Yangi qarorga muvofiq, ushbu cheklov bekor qilindi. Endilikda kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar ham qayta bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga abituriyent sifatida hujjat topshirganda davlat granti o‘rinlari uchun tanlovda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur o‘zgarish ikkinchi mutaxassislik uchun hujjat topshirayotganlarga taalluqli emas. Chunki amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi mutaxassislik faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi va bu yo‘nalishda davlat granti ajratilmaydi.
Shunday qilib, yangilik faqat qayta bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga 1-kursdan abituriyent sifatida hujjat topshirayotgan shaxslarga tegishli hisoblanadi.
Avvalroq, 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat granti kvotalari tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.


