OECD reytingi: qaysi davlatlarda maktabdan keyingi ta’limda o‘qiganlar ko‘proq?

OECD reytingi: qaysi davlatlarda maktabdan keyingi ta’limda o‘qiganlar ko‘proq?

Dunyoning ayrim mamlakatlarida aholining katta qismi maktabni tugatgach kollej yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydi. Boshqa davlatlarda esa bunday imkoniyatdan foydalana olganlar soni ancha kam.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning “Ta’limga nazar – 2025” hisobotidagi yangi infografikada 25–64 yoshdagi aholining qanchasi maktabdan keyingi ta’lim (kollej, institut yoki universitet) olgani ko‘rsatilgan.

 

Statistikaga nafaqat universitet bitiruvchilari, balki kollejlar, qisqa muddatli oliy ta’lim dasturlari va boshqa ta’lim muassasalarini tamomlaganlar ham kiritilgan.

 

Reytingda Kanada 1-o‘rinni egallagan. Bu mamlakatda 25–64 yoshdagi aholining 63 foizi maktabdan keyingi ta’limni olgan. Kanada ushbu ko‘rsatkich 60 foizdan oshgan yagona davlat bo‘ldi.

 

Shuningdek, quyidagi mamlakatlarda ham aholining yarmidan ko‘pi maktabdan keyingi ta’limga ega:

 

  • Irlandiya;
  • Yaponiya;
  • Janubiy Koreya;
  • Lyuksemburg;
  • Buyuk Britaniya;
  • Avstriya;
  • Shvetsiya;
  • Isroil;
  • AQSH;

 

Reytingning eng quyi qismidan Janubiy Afrika Respublikasi joy oldi. Bu yerda aholining atigi 9 foizi maktabdan keyingi ta’limni olgan.

 

Shuningdek, dunyoning eng yirik davlatlaridan bo‘lgan Hindiston va Xitoy ham reytingning pastki qismidan o‘rin olgan. Hindistonda bu ko‘rsatkich 14 foizni, Xitoyda esa 19 foizni tashkil etadi.

 

Mutaxassislar reytingni tahlil qilishda ehtiyot bo‘lish kerakligini ta’kidlamoqda. Chunki unda dunyoning barcha mamlakatlari qamrab olinmagan.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 25-mart kuni fanlar bo‘yicha xalqaro reyting – “QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliygohi dunyoning TOP-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy olgani haqida xabar bergan edik.