Dunyo mamlakatlari ta’limga qancha mablag‘ sarflaydi? O‘zbekistonda statistika qanday?

Dunyo mamlakatlari ta’limga qancha mablag‘ sarflaydi? O‘zbekistonda statistika qanday?

Davlatlarning ta’limga ajratayotgan mablag‘i ularning ushbu sohaga qanchalik ustuvor ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi. Biroq mamlakatlarni faqat davlat budjetidan ajratilgan mablag‘ miqdori bo‘yicha taqqoslash to‘liq tasavvur bermaydi. Shu sababli xalqaro tahlillarda davlatlarning ta’limga yalpi ichki mahsulot (YIM)ning necha foizini yo‘naltirayotgani asosiy mezon sifatida olinadi.

 

Shu bilan birga, O‘zbekistonda ham ta’lim xizmatlari bozori jadal o‘sishda davom etmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga asosan, 2026-yilning dastlabki 5 oyida ta’lim xizmatlari hajmi qariyb 19 trillion so‘mni tashkil etgan.

 

Ta’limga eng ko‘p mablag‘ ajratayotgan davlatlar

 

YuNESKO Statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 181 ta mamlakati bo‘yicha ta’lim xarajatlari yalpi ichki mahsulot (YIM)ga nisbatan tahlil qilingan.

 

Qayd etilishicha, xarajatlarni YIM ulushi orqali baholash iqtisodiyoti turli hajmdagi mamlakatlarni xolis taqqoslash imkonini beradi. Chunki ta’limga ajratiladigan mablag‘ nafaqat mamlakat boyligi, balki davlat siyosati, demografik holat va budjet imkoniyatlariga ham bog‘liq.

 

Reytingning yuqori pog‘onalarini kichik orol davlatlari egallagan. Jumladan:

 

Kiribati —16,4 foizi;

Tuvalu — 12,9 foizi;

Mikroneziya Federativ Shtatlari — 11,6 foizi.

 

Yirik davlatlar orasida esa Namibiya (9,1 foiz) va Jazoir (9,0 foiz) alohida ajralib turadi. Bu esa ta’limga katta mablag‘ ajratish faqat iqtisodiy jihatdan boy davlatlargagina xos emasligini ko‘rsatadi.

 

Eng yirik iqtisodiyotlar orasida kim yetakchi?

 

Dunyoning 40 ta eng yirik iqtisodiyoti orasida ta’limga YIMning eng katta ulushini ajratayotgan davlat — Shvetsiya bo‘lib, u ushbu sohaga iqtisodiyotining 7,3 foizini yo‘naltiradi.

 

Keyingi o‘rinlarda:

 

  • Daniya — 6,4 foiz;
  • Belgiya — 6,3 foiz;
  • Buyuk Britaniya — 5,9 foiz;
  • Braziliya — 5,6 foiz;
  • AQSh — 5,4 foiz;
  • Janubiy Koreya — 5,4 foiz.

 

Bunga qarama-qarshi ravishda, Singapur yalpi ichki mahsulotning atigi 2,2 foizini, Irlandiya 2,9 foizini, Yaponiya esa 3,3 foizini ta’limga yo‘naltiradi.

 

Nima uchun mamlakatlar ta’limga turlicha mablag‘ sarflaydi?

 

Mutaxassislarning fikricha, davlatlarning ta’limga ajratayotgan mablag‘i bir nechta omillarga bog‘liq.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi yosh bo‘lgan mamlakatlar ta’limga ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Chunki ularda maktab va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar soni ko‘proq bo‘ladi. Aholisi qarib borayotgan davlatlarda esa ta’lim tizimiga tushadigan yuk nisbatan kamroq bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, hukumatlar budjet mablag‘larini sog‘liqni saqlash, pensiya ta’minoti, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa muhim yo‘nalishlar o‘rtasida taqsimlashiga to‘g‘ri keladi.

 

Shu bilan birga, Jahon banki ekspertlari yuqori xarajatlarning o‘zi sifatli ta’limni kafolatlamasligini ta’kidlaydi. Ta’lim sifati ajratilgan mablag‘ning qanchalik samarali ishlatilishi, o‘qituvchilar malakasi, ta’lim dasturlari sifati, boshqaruv tizimi va ta’limning ommabopligiga ham bevosita bog‘liq.

 

O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 21 foizga oshdi

 

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 18,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga ko‘p degani.

 

Ta’lim xizmatlari tarkibida oliy ta’lim xizmatlari yetakchilik qilmoqda. Ularning ulushi jami ta’lim xizmatlarining 44,7 foizini tashkil etgan.

 

Hududlar bo‘yicha eng katta hajm Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda ta’lim xizmatlari hajmi 9,7 trillion so‘mni tashkil etgan.

 

Keyingi o‘rinlarni:

 

Samarqand viloyati — 1,3 trillion so‘m;

Farg‘ona viloyati — 1,1 trillion so‘m;

Andijon viloyati — 918,9 milliard so‘m;

Toshkent viloyati — 908,4 milliard so‘m;

Namangan viloyati — 901,3 milliard so‘m egallagan.

 

Shuningdek:

 

Buxoro viloyati — 799 milliard so‘m;

Qashqadaryo viloyati — 782,2 milliard so‘m;

Xorazm viloyati — 578,9 milliard so‘m;

Surxondaryo viloyati — 577,5 milliard so‘m;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 533,2 milliard so‘m ta’lim xizmatlarini ko‘rsatgan.

 

Eng past ko‘rsatkichlar esa Jizzax (279,9 mlrd so‘m), Navoiy (244,4 mlrd so‘m) hamda Sirdaryo (192,1 mlrd so‘m) viloyatlarga to‘g‘ri kelgan.

 

Avvalroq, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 406,4 trln so‘mni tashkil etib, shundan ta’lim sohasidagi xizmatlar 122,6 % o‘sish sur’ati bilan eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etgani haqida xabar bergan edik.