Xitoylik 13 yoshli qiz ota-onalarga farzandlarining dars qilish jarayonini nazorat qilishda yordam beruvchi sun’iy intellekt mahsulotini yaratib, undan atigi uch kun ichida 18 ming yuan (2 682 AQSH dollari) daromad oldi.
Xitoyning Shanxay shahridagi kichik o‘rta maktabning 8-sinfida tahsil olayotgan 13 yoshli Chju Shuhan dasturlash bo‘yicha hech qanday tajribaga ega emas. U sun’iy intellektdan foydalanishni 2025-yildan boshlagan. Bu haqda Shanghai Morning Post xabar berdi.
2026-yil 21–23-avgust kunlari Xanchjou shahrida o‘tkazilgan milliy AI mahsulotlarini marketing qilish bo‘yicha tanlovda Shuhan 50 dan ortiq ishtirokchi orasida 3-o‘rinni egallab, 5 ming yuan mukofot olgan.
Tanlovda texnik mutaxassislar hakam sifatida ishtirok etmagan. G‘oliblar uch kun davomida AI yordamida yaratilgan ilovalardan olingan daromad miqdoriga qarab aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, u yaratgan Zai Chang (“On Site”) nomli ilova 90 ta buyurtma olib, jami 18 ming yuanlik (2 682 AQSH dollari) savdoni amalga oshirgan. Aynan shu natija unga tanlovda uchinchi o‘rinni egallash imkonini bergan.
Ta’kidlanishicha, ilovadan foydalanish uchun ota-ona avval o‘z suratini yuklaydi. Shundan so‘ng tizim virtual ota-ona rolini bajarib, bola uy vazifasini bajarayotgan paytda uni nazorat qiladi.
Agar kamera bolaning telefonda o‘ynayotganini yoki o‘z joyini tark etganini aniqlasa, ekranda aks etayotgan virtual ota-ona unga ovozli eslatma beradi. Uy vazifasi bajarib bo‘lingach, ilova bolaning darsga diqqatini jamlash darajasi haqida “konsentratsiya hisoboti”ni shakllantiradi.
Ilova yaratish g‘oyasi shaxsiy tajribasidan kelib chiqqan
Yosh ijodkorning aytishicha, ilovani yaratish g‘oyasi uning o‘z tajribasidan kelib chiqqan.
Ota-onam juda band bo‘lgani uchun dars qilayotganimda menga hamrohlik qilishga vaqtlari bo‘lmasdi. Men esa ko‘pincha chalg‘ib, uy vazifasini bajarayotgandek ko‘rinib, yashirincha telefondan foydalanardim, — degan u.
Uning ta’kidlashicha, ko‘plab sinfdoshlari ham o‘zini o‘zi nazorat qilishda shunga o‘xshash muammolarga duch keladi. Shu sababli u “raqamli ota-ona kloni”ni yaratishni istagan.
Dasturlash bo‘yicha bilimlari cheklangan bo‘lsa-da, yosh iqtidor o‘z g‘oyasini katta til modeliga (LLM) oddiy so‘zlar bilan tushuntirgan. Shundan so‘ng AI unga dastur kodini yaratishda yordam bergan.
Ilovaning dizaynidan tortib, asosiy funksiyalarini ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon atigi 3–4 kun davom etgan. Muayyan texnik masalalarni hal qilishda esa u AI dasturlash vositalaridan foydalangan.
Qiz dastlab ilovaga “onaning jahli chiqishi” deb nomlangan funksiyani ham kiritgan. Ushbu funksiya bola tez-tez chalg‘iganida ota-onani bundan xabardor qilishni nazarda tutgan. Biroq keyinchalik bu funksiyani olib tashlagan.
Men chaqimchilikni yoqtirmayman. Ilovam yumshoq bo‘lishini va bolalarga yaxshilanish uchun imkon qoldirishini xohlayman, — deya tushuntirgan u.
U ushbu tajriba unga muhim xulosani berganini ta’kidladi:
Ilova yaratish tajribasidan shuni angladimki, yaxshi g‘oyangiz bo‘lsa, AI uni hayotga tatbiq etishga yordam bera oladi.
Ilovaning ilk foydalanuvchilaridan biri — ukasi
Boshlang‘ich maktabning 1-sinfida o‘qiydigan qizning ukasi ham ilovaning ilk foydalanuvchilaridan biri.
Bu ilova orqali nazorat qilingandan keyin ukam darslarini ancha tirishqoqlik bilan qiladigan bo‘ldi, — degan u.
Shuhan kelajakda ilovani kengroq auditoriyaga arzonroq narxda taklif qilishni rejalashtirmoqda.
Agar ko‘pchilik bu ilova uchun pul to‘lashga tayyor bo‘lsa, uni rivojlantirishda davom etaman, — bildirgan u.
Internet foydalanuvchilari ham Shuhanning loyihasini yuqori baholagan. Ulardan biri qizning ijodiy g‘oyasi va AI’dan samarali foydalana olish qobiliyatini e’tirof etgan.
U qanday biznes qobiliyatiga ega! Uning ilovasi ota-onalarning ehtiyojlarini aniq qondiradi, — deb yozgan yana bir foydalanuvchi.
Avvalroq, Namanganda 9-sinf o‘quvchisi sun’iy intellekt yordamida 10 dan ortiq animatsion loyiha yaratgani haqida xabar bergan edik.


