Pedagog kadrlar attestatsiya jarayonida ularning toifasi ikki bosqich yakuniy natijasiga ko‘ra belgilanadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, oliy toifani olish uchun kamida 80 ball, birinchi toifani olish uchun esa kamida 70 ball to‘plash talab etiladi.
Xabaringiz bor, 2026-yil 1-avgustdan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka (test) sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish jarayoni boshlangan. Pedagoglar mazkur attestatsiyada ishtirok etish uchun 2026-yil 1-oktabrgacha ro‘yxatdan o‘tishi va murojaat yuborishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarorining 1-bob 44-bandida quyidagicha belgilab qo‘yilgan:
Oliy malaka toifali yoki bosh oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga koʻra:
— 80 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) saqlangan;
— 80 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, birinchi malaka toifasiga (yetakchi oʻqituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Birinchi malaka toifali yoki yetakchi oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga koʻra:
— 80 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) berilgan;
— 70 balldan 79 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi) saqlangan;
— 70 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, ikkinchi malaka toifasiga (katta oʻqituvchi lavozimiga) tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Ikkinchi malaka toifali yoki katta oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga koʻra:
— 70 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi) berilgan;
— 60 balldan 69 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) saqlangan;
— 60 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga tushirilgan (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno);
Mutaxassis yoki oliy maʼlumotli oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr ikkita bosqich natijalariga koʻra:
— 60 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilgan;
— 55 balldan 59 ballgacha koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtgan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlangan;
— 55 balldan kam koʻrsatkichga ega boʻlsa — attestatsiyadan oʻtmagan, mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb (navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar bundan mustasno) hisoblanadi.
Navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar attestatsiyadan oʻta olmagan taqdirda, ularning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ular lavozimiga muvofiq emas deb hisoblanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil avgust–dekabr oylarida umumta’lim hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun sinov materiallari ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Pedagoglar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malaka sinovlari topshiriqlari spetsifikatsiyasi bilan quyidagi havolada tanishishlari mumkin.
Shuningdek, pedagoglar attestatsiyaga oid namunaviy testlarni quyidagi sayt sinovtest.uz orqali bajarishi mumkin.
