1-avgustdan pedagog kadrlarning 2026-yil avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka (test) sinovlarida ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Murojaatlar 1-oktabrga qadar onlayn platformalar hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
2026-yil 1-avgustdan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning avgust–dekabr oylarida o‘tkaziladigan malaka (test) sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish va murojaat yuborish jarayoni boshlanadi.
Pedagoglar attestatsiyada ishtirok etish uchun 2026-yil 1-oktabrga qadar ro‘yxatdan o‘tishi va murojaat yuborishi mumkin.
Murojaatlar quyidagi platformalar orqali qabul qilinadi:
– pedagog.uzedu.uz platformasi;
– Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz);
– Davlat xizmatlari markazlari.
Eslatib oʻtamiz, amaldagi qoonunchilikka muvofiq pedagog kadrlar faqat oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.
Shuningdek, navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga koʻra malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan, shuningdek, navbatdagi majburiy attestatsiya natijalariga koʻra malaka toifasi (lavozimi) tushirilgan pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan oʻzgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-sayti UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlari hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilinadi.
Avvalroq, navbatdan tashqari attestatsiya va kasbiy sertifikat sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lov miqdori 50 foizga kamaytirilgani haqida xabar bergan edik.
